Breaking News

Eron yadroviy zavodlar qurishda Xitoy ko'magiga ko'z tikkan


Eron va yirik davlatlar erishgan kelishuv ketidan sarmoyadorlar anchadan buyon sanksiya ostida qolayotgan islomiy respublikaga eshik qoqmoqda. Rossiya qatorida Xitoy ham Eronda yadroviy zavodlar qurishni rejalayotgani haqida xabarlar bor.

Eron yadroviy zavodlar qurishda Xitoy ko'magiga ko'z tikkan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Pekin bu xabarlar borasida izoh bergani yo'q, ammo Eron hukumatining bildirishicha, Xitoy Busher shahrida kamida uchta atom inshootini qurishda ko'maklashadi.

Neftga boy Eron atom dasturi unga energetik ehtiyojlarini qondirish uchun kerakligini aytadi. Lekin urandan ikki maqsadda foydalanish mumkin - reaktorlar uchun va atom bombasini yasash uchun. Maqsadi tinchlik ekanini isbotlash uchun Tehron yirik davlatlar bilan muzokara qilayapti.

Energetika masalalari bo'yicha izlanuvchi Lin Boshiang deydiki, Xitoy Eron yadro dasturida asosiy o'yinchi bo'lishga da'vogar.

"Atom zavodlarini barpo etishda Xitoy katta tajribaga ega, chunki hozir bunday inshootlar asosan Xitoyda qurilmoqda", - deydi u. "Atom energiyasi eksporti ham Xitoy iqtisodiyotini takomillashtirish uchun muhim".

O'tgan yili Xalqaro atom boshqarmasi ilk bor Xitoy loyihalashtirgan reaktorni ma'qulladi. Uni mamlakatning o'zida ishatsa bo'ladi, eksportga chiqarish ham mumkin. Endilikda uchinchi avlod reaktorlarini qurish ustida ish ketmoqda.

Tadqiqotchi Metyu Kotining qayd etishicha, Hualong-1 reaktori tayyor bo'lganida ham xalqaro hamjamiyat avvalo uning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilishi kerak. Bunga ancha vaqt ketadi.

Reaktor qurish sakkiz yilgacha vaqt oladi, ammo Xitoy yangi texnologiyani allaqachon eksport qila boshlagan.

Matbuot xabarlariga qaraganda, Pokistonning Karachi shahrida qurilayotgan elektrostansiyada Xitoning yangi rusumdagi reaktori o'rnatiladi. Argentina, Ruminiya va ehtimol Turkiya bilan ham kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Tahlilchi Viktor Gao so'zlariga ko'ra, Eronda o'xshash loyihani amalga oshirish nozik masala. Shuning uchun Xitoy uchinchi bir davlat, masalan Fransiya bilan hamkorlikda reaktorlar qurishga qaror qilsa ajabmas.

Yakka Xitoyning o'zi bilan hamkorlikdan cho'chiydigan davlatlar va buyurtmachilar uchun bu ayni muddao. Pekin konsorsium sifatida xorijiy bozorlarga chiqishni mo'ljallab qo'ygan.

"Masalan, Britaniyaning Somerset okrugida atom zavodini Fransiya loyihalaydi, Xitoy esa uni moliya bilan ta'minlaydi", - deydi Metyu Koti.

Prezident Barak Obama ham yadroviy hamkorlik borasida Xitoy bilan 30 yillik kelishuv imzolash taklifi bilan chiqqan. Kongress g'oyani ma'qullasa, ikki mamlakat o'rtasida atom texnologiyalarini baham ko'rishga yo'l ochiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG