Xitoy va Eron: O’zaro savdo hajmini 600 milliard dollarga yetkazamiz

  • Amerika Ovozi

Xitoy rahbari Si Zinpin, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy. Tehron, 23-yanvar, 2016-yil.

Xitoy rahbari Si Zinpin, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy. Tehron, 23-yanvar, 2016-yil.

Xitoy rahbari Si Zinpinning Eronga tashrifi chog’ida iqtisodiy va diplomatik hamkorlikni oshirishga qaratilgan 17 kelishuv imzolandi.

Oxirgi 14 yilda Xitoyning hech bir rahbari Eronga borgan emas. “Aloqalarni strategik darajaga ko’tarishga qaror qildik”, - deydi Prezident Si Zinpin.

Xitoy Eron neftining eng katta xaridorlaridan bo’lib, hatto Tehron xalqaro sanksiyalar ostida bo’lgan davrda ham o’rtada savdo uzilmagan. Eron atom dasturini to’xtatishga rozilik berganidan so’ng yaqinda iqtisodiy jazo choralari bekor qilindi.

Sanksiyalarni olib tashlashga qaratilgan bir necha yillik muzokaralarda Xitoy muhim rol o’ynagan. “Eron kelishuv shartlariga amal qilishini ta’minlashda Pekin biz bilan hamkorlikni davom ettiradi degan umiddamiz”, - deya qayd etmoqda AQSh rasmiylari.

Bitim doirasida Tehron Arak atom inshootidagi suv reaktoridan voz kechgan edi. Ayni paytda bu inshootni qayta loyihalash ishlariga Vashington va Pekin bosh-qosh.

2014-yilda Eron va Xitoy o’rtasida savdo hajmi 52 milliard dollarni tashkil etgan. Ikki davlat kelasi 10 yilda savdo-sotiqni 600 milliard dollarga yetkazishni rejalayapti.

Prezident Si Eron oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy bilan ham muloqot qiladi. Yaqin Sharq bo’ylab safar qilayotgan Xitoy prezidenti Misr va Saudiya Arabistoniga ham borgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG