Breaking News

"Islomiy davlat" Xitoyga tahdidmi?


"Islomiy davlat" Xitoyga tahdidmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:44 0:00

Joriy oy boshida "Islomiy davlat" terrorchi guruhi xitoy tilida qo'shiq chiqarib, xitoylik musulmonlarni uyg'onishga, jang maydonida jon berishga da'vat etdi.

Bunga javoban Pekin xalqaro hamjamiyatni ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirdi.

"Mamlakatlar terrorizmning har qanday ko'rinishiga qarshi birgalashib kurashishi kerak", - dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

"Islomiy davlat" Xitoy g'arbida yashovchi uyg'urlarni o'z saflariga jalb qilmoqchi. Bir paytlar al-Qoida ham shunga harakat qilgan edi.

Biroq, deydi britaniyalik tahlilchi Rafaello Pantuchchi, al-Qoida xuruj uyushtirish uchun resurs ajratmadi, amaliy yordam ko'rsatmadi.

"Hozircha "Islomiy davlat" ham faqat gap bilan odamlarni qo'zg'atmoqchi", - deydi ekspert.

Xitoy Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida sarmoyalarini oshirar ekan, uning xorijda ishlayotgan fuqarolari "Islomiy davlat" nishoniga aylanishi mumkin. Noyabr oyida Malida jangarilar Radisson oteliga hujum qilib, xitoylik uch mutaxassisni o'ldirdi.

“Islomiy davlat" Xitoyning o'zida xuruj uyushtirishi amri maholdir, ammo uning uchinchi mamlakatlarda mehnat qilayotgan fuqarolari tahdid ostida", - deydi Pantuchchi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining o'tgan hafta Xenan viloyatida o'tkazilgan sammitida Xitoy terrorga qarshi kurashda hamkorlikni oshirishga chaqirdi.

“Barcha a'zo mamlakatlar o'zaro aloqani, chegara xavfsizligi bo'yicha hamkorlikni, konsultatsiyalarni kuchaytirishi zarur", - dedi anjumanda Bosh vazir Li Ketsyan.

Tahlilchi Pantuchchining aytishicha, Xitoy va tashkilotdagi ittifoqchilarining ekstremizm haqidagi tushunchasi G'arbnikidan farq qiladi.

“Bu davlatlar terrorizm nima ekaniga kelishib olgan, uni bir xil ta'riflashadi. Turli guruhlar bilan muammolari bo'lgan. Ba'zilari zo'ravon guruhlar, ba'zilari esa siyosiy. Terrorizmga qarshi kurash bu davlatlarni birlashtiruvchi omildir", - deydi britaniyalik tahlilchi.

Tushunchadagi farqlar, deydi ayrim kuzatuvchilar, Xitoyning G'arb bilan hamkorlik qilishiga g'ov bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG