Din

Xitoy musulmonlari islom dunyosi bilan savdo aloqalarini kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Inchuan Xalqaro savdo markazi

Inchuan Xalqaro savdo markazi

Ninsya Xitoyning eng qashshoq viloyatlaridan biri, ammo mahalliy hukumat hududning musulmon aholisi hisobiga arab o’lkalari bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish niyatida.

Ninsya-Xuey avtonom viloyati kichik, ammo imkoniyatlari yuqori baholanadigan hudud. Poytaxt Inchuan tashqarisidagi katta maydonda markaziy biznes zonasi qurilmoqda. Maqsad arab savdogarlarini bu yerda ishlash va yashash uchun jalb etish.

Iqtisodiy zonaning Xitoy-Arab iqtisodiy forumining majlislar zalini Xitoy davlat qurilish-muhandislik korporatsiyasi qurmoqda. Jazoirda dunyoning eng yirik masjidini bunyod etish loyihasini ham xuddi shu kompaniya qo’lga kiritgan.

Inchuanda istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri arablar kelsa, ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga ishonadi.

“Yaxshi bo’ladi deb o’ylayman. Madaniy tafovutlar bor, ammo foydasi ko’proq bo’ladi, hayotimiz, taraqqiyotimizga katta yordam bo’ladi”, deydi inchuanlik ushbu fuqaro.

Shaharda yaqinda bunyod etilgan Xitoy-Musulmon xalqaro savdo markazi bu yil uchinchi bor Xitoy-Arab savdo ko’rgazmasini tashkil etmoqda. Ninsya Ijtimoiy fanlar akademiyasi olimi Ma Pinning aytishicha, Inchuan Xitoyning islomiy mahsulotlar va halol oziq-ovqat sotiladigan markaziga aylanishi mumkin.


Ninsya poytaxti Inchuan shahrida joylashgan Xihuan masjidi. Viloyatda masjidlar soni 4000dan oshadi.

“Tovarlarning ayrimlarini boshqa joylarda ishlab chiqarish mumkin, ammo savdosi shu yerda boladi. Ya’ni, arab savdogarlari musulmonlar uchun kerakli narsalarni xarid qilish uchun Pekin, Shanxay yoki Guanchjou kabi shaharlarga borishiga hojat qolmaydi. Ular shu yerga kelishadi”, deydi olim.

Mahalliy savdogarlardan biri Lyuning aytishicha, konferensiyalar bo’lmagan paytda savdoning bir oz sustligini hisobga olmaganda, hozir sharoit ancha yaxshi.

“Avvalgiga qaraganda ancha yaxshi. Boshida hech kim bu yerlarni bilmagan. Sayyohlar ham kelmasdi”, deydi u.

Xuey etnik guruhiga mansub mahalliy musulmonlar o’tmishda Buyuk Ipak Yo’li orqali Xitoyga kelgan arab va fors savdogarlarining avlodi hisoblanadi. Ninsya Xitoyning musulmonlar ko’pchilik bo’lgan yagona avtonom viloyati. Hukumat hududning asosan musulmonlardan iborat aholisi hisobiga dunyoning musulmon o’lkalari bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatida.

Qatar universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha professori Jeki Armijoning aytishicha, Xitoyda savdo bilan shug’ullanayotgan xuey musulmonlari soni oshib boryapti.

“Islomiy kollejlarni bitirgan, arab tilini yaxshi biladigan musulmonlar imom bo’lish o’rniga yaqin sharqliklar boshlagan turli savdo kompaniyalarida ishlashyapti”, deydi u.

Markaziy biznes nohiyasidan tashqari, Ninsyada hududning islomiy madaniyatini ko’rsatadigan boshqa diqqatga sazovor maskanlar ham bor. Xitoy Xuey milliy madaniyat bog’i va bir necha milliard dollarlik qurilishi to’xtab qolgan Dunyo Musulmon shahri loyihalari ana shular jumlasidan.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG