Breaking News

Kerri Xitoyni dengizda havo mudofaasi tizimini o'rnatmaslikka chaqirmoqda


Jon Kerri
Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Xitoyga safaridan oldin Pekinni Janubiy Xitoy dengizining bir qismida havo mudofaasi tizimini bir tomonlama o'rnatmaslikka chaqirmoqda.

“Qo'shma Shtatlar buni provokatsion va beqarorlashtiruvchi harakat deb biladi", - dedi Kerri Mongoliyaga safari chog'ida.

Xitoy dengiz hududining o'ziniki deya da'vo qilayotgan qismi uzra uchmoqchi bo'lgan barcha samolyotlar parvozdan oldin ruxsat olishi kerak, deydi. Havo mudofaasi uchun identifikatsion zona (HMIZ) ikki yil oldin e'lon qilinganida AQSh tanqidiga uchragan edi.

Qo'shma Shtatlar va dengiz bo'yidagi boshqa davlatlar Pekin o'zlashtirgan dengiz hududlarini Xitoyniki ekanini tan olmaydi va barcha - xoh dengizda bo'lsin, xoh havoda - erkin harakatlanish huquqiga ega ekanini ta'kidlab keladi.

Singapurda Osiyoning bir necha mamlakati mudofaa vazirlari uchrashib, Xitoy rejasi xususida fikr almashdi. HMIZ aynan qayerda o'rnatilishi hozircha ma'lum emas.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning Xitoy yangi buyuk devor bilan o'zini yakkalatib qo'ymoqchi degan gaplariga javoban Xitoy Xalq ozodlik armiyasi admirali Sun Zyango shunday javob berdi:

“Xitoy o'tmishda yakkalanmagan, hozir yakkalangani yo'q, kelajakda ham yakkalanmaydi".

6-7 iyun kunlari Kerri Pekinda bo'lib, AQSh-Xitoy Strategik va iqtisodiy muloqotida qatnashadi. Davlat departamenti rasmiylaridan birining aytishicha, Qo'shma Shtatlar muloqot chog'ida o'tkir mavzularni chetlab o'tmaydi.

“Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi harakatlari, nodavlat tashkilotlarga doir qonun, inson huquqlari bobidagi boshqa cheklovlar shular jumlasidan", - dedi davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi masalalari bo'yicha yordamchisi Daniel Rassl.

Muloqot chog'ida kiber-xavfsizlik, iqtisodiy aloqalar, atrof-muhit va okean muhofazasi, yovvoyi hayvonlar noqonuniy oviga qarshi kurash, tijoriy aviatsiya tizimlari xususida ham fikr almashinadi.

Bu yillik muloqotning sakkizinchi davrasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG