Xitoy diplomati Shimoliy Koreyaga safar qilib, Kim Chen Ir bilan uchrashgan

  • Amerika Ovozi

Uchrashuv Xitoy xalqaro bosim ostida qolayotgan, Shimoliy Koreyaga ta’sir qilish da’vatlari kuchaygan bir pallada o’tmoqda.

Uchrashuv Xitoy xalqaro bosim ostida qolayotgan, Shimoliy Koreyaga ta’sir qilish da’vatlari kuchaygan bir pallada o’tmoqda.

Xitoy bosh diplomati bugun Shimoliy Koreyaga safar qilib, rahbar Kim Chen Ir bilan uchrashgan. Xitoy matbuoti muloqotni ochiq va samarali deya ta’riflamoqda.

Bugungi uchrashuv Xitoy xalqaro bosim ostida qolayotgan, Shimoliy Koreyaga ta’sir qilish da’vatlari kuchaygan bir pallada o’tmoqda.

Koreya yarimorolida ahvol tarang ekan, AQSh va Yaponiya harbiy hamkorlikni oshirishga kelishib olgan. Amerika admirali Mayk Myullen bugun Yaponiyada rahbarlar bilan gaplashgan.

Admiralning aytisicha, Vashington, Tokio va Seul xavfsizlik bobida rishtalarni mahkam qilishi kerak. Shimoliy Koreya tahdidining oldini olish, hujumga javob berish uchun zarur bu, deydi u.

Vashington Osiyodagi bu ikki ittifoqchi davlat bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazib keladi. O’tgan oy Shimoliy va Janubiy Koreya o’q almashgach, AQSh rasmiylari regionga tez-tez boradigan bo’lib qoldi.

1990-yillar o’rtalarida Pxenyan qo’lida yadro quroli bor degan taxminlar yangray boshlagan edi.

“Shundan beri uch davlat – AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya zimdan yaqindan ishlab keladi”, - deydi Tokiodagi Vaseda Universiteti professori Xiro Katsumata.

Lekin, deydi olim, bu Tokio, Seul va Vashington o’rtasidagi aloqani mustahkam, uzoqni ko’zlovchi ittifoq deb bo’lmaydi.

“Bu hamkorlikdan maqsad bir – Shimoliy Koreya. Regional muammolar haqida, Xitoyning qudrati, terrorizm, qaroqchilik, demokratiya targ’iboti haqida so’z borayotgani yo’q”, - deydi professor Katsumata.

Uning aytishicha, Yaponiya va Janubiy Koreya aloqalari azaldan murakkab. Tarixan raqib bu davlatlar. Lekin birga ishlash kerak.

“Yaponiya uchun Janubiy Koreya madadi g’oyat muhim”, - deydi professor.

“Koreya yarimorolida biror kor-hol ro’y bersa, Yaponiya hukumati u yerdagi fuqarolarini evakuatsiya qilishi kerak bo’ladi. Janubiy Koreyada, poytaxt Seulda ishlayotgan yaponiyalik tadbirkorlar anchagina”, - deydi olim.

Biroq ayrim yapon siyosatdonlari nazarida AQSh va Janubiy Koreya bilan harbiy mashq o’tkazamiz deb va’da berishga shoshmaslik lozim.

Yaponiya o’z mudofaasiga bevosiya aloqador bo’lmagan xalqaro harbiy amaliyotlardan uzoqroq yurishni ma’qul ko’radi. Bu davlat konstutitsiyasiga ko’ra, Yaponiyaga hujum yo’qmi, demak qurol qo’llashga ham zarurat yo’q.

Region notinch ekan, bugun Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir Pxenyanda Xitoy vakili Day Binguoni qabul qilgan. Mehmon Xitoy rahbari Xu Tsintaodan noma keltirgani aytilmoqda.

Rasmiy Pekin ixtilofni bartaraf etish uchun xalqaro muzokara o’tkazishga undamoqda. Biroq Vashington, Seul va Tokio bu taklifni rad etgan. Pxenyanni agressiv harakati, hujumlari uchun muzokara bilan mukofotlash to’q’ri emas deya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG