Breaking News

AQSh Shimoliy Koreya yadro dasturiga doir muzokaralarni jonlantirish harakatida


AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus vakili Glin Deyvis
AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus vakili Glin Deyvis
AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus vakili Glin Deyvis shu hafta Osiyoga safar qilib, Pxenyan atom dasturiga doir muzokaralarni jonlantirish xususida gaplashadi. Seshanba kuni Amerika rasmiysi Xitoyda, so’ng esa Seul va Tokioda bo’ladi.

AQSh Davlat departamenti vakili Pekinda Xitoy bosh muzokarachisi Vu Davey bilan ko’rishadi. Tomonlar bir oy burun uchrashgan edi.

Xitoy rasmiysi so’nggi haftalarda Pxenyan va Vashingtonda bo’ldi. Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh rasmiylari ham Amerika poytaxtida uch tomonlama muloqot qilgan.

Davlat departamenti muzokaralar xususida bashorat qilishga shoshmayapti. Har bir muloqot yaxshi imkoniyat, deyiladi rasmiy bayonotda.

Shimoliy Koreya bo’yicha xitoylik mutaxassislar bu fikrga qo’shiladi.

Pekin universitetida siyosatshunos Van Don nazarida Glin Deyvisning bu galgi safari qanday natija keltirishini oldindan aytish qiyin.

"Biroq uning bu tashrifi AQSh va Xitoy masalaga jiddiy yondashayotganini, ikkisi hamkorlikda Pxenyanni muzokara stoliga qaytarish ustida ishlayotganini namoyish qilmoqda", - deydi ekspert.

Shimoliy Koreya olti tomonlama muzokaralardan 2009-yilda chiqib, so’nggi paytda uni hech bir shartsiz jonlantirishga chaqirmoqda. Vashington oldin Pxenyan niyati jiddiy ekanini ko’rsatishi lozim, deydi.

Xitoy eng yaqin ittifoqchisi Shimoliy Koreyani muzokara stoliga qaytarish uchun uni sanksiya bilan siylashi mumkinligiga ishora qilib, so’nggi oylarda qator choralar qabul qilgan.

Xususan, sentabrda BMT sanksiyalari doirasida Xitoy Shimoliy Koreyaga eksport uchun chiqarilishi man qilingan mahsulotlar ro’yxatini chop etdi. Sanksiyalar yil boshida Pxenyan yadro qurolini sinaganidan so’ng joriy etilgan edi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Shimoliy Koreya yadro quroli dasturini tezlashtirishga kirishgan. Shu bilan birga Pxenyan boshqa davlatlar va, jumladan, Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni ham kuchaytirmoqda. Kuzatuvchilar Pekin Shimoliy Koreyani yadroviy shashtidan qaytarishga qodir, deya umid qilmoqda.

Ammo Koreya bo’yicha xitoylik mutaxassis Lu Chaoning aytishicha, Pekinning imkoniyatlari cheklangan.

"Dunyoga ochilish yoki ochilmaslik Pxenyanning o’ziga bog’liq. Xitoy o’z tadbirkorlarining u yerda ish qilishini juda ham istar edi, ammo Shimoliy Koreyadan yaqin orada islohotlarni kutmaslik kerak. Har holda birinchi navbatda bu harbiy rejim", - deydi Lu.

Pekin universiteti professori Van Donning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreyaga taraqqiyot bobida yordam ko’rsatib, iqtisodiyotining rivojlanishiga halal berayotgan xavfsizlik bobidagi xavotirlariga barham berishi, mafkuraviy to’siqlardan o’tishida yordam berishi kerak.

"Shimoliy Koreya iqtisodiyotini rivojlantirishni istaydi, ammo shu bilan birga yadroviy salohiyatini ham oshirmoqchi. Ular bir paytning o’zida ikkita egarda o’tirib bo’lmasligini anglab yetishlari kerak", - deydi tahlilchi.

Pxenyan kuz boshida muzokaralarni jonlantirish evaziga yadroviy va uzoq masofali ballistik raketa sinovlarini muzlatishni taklif qilgan edi. Biroq o’tmishda hech bir va’dalarining ustidan chiqmagan davlatning taklifi jiddiy qabul qilinmadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG