AQSh-Pokiston aloqalari tobora tarang. Vositachi Xitoy?

  • Amerika Ovozi

AQSh-Pokiston aloqalari tobora tarang. Vositachi Xitoy?

AQSh-Pokiston aloqalari tobora tarang. Vositachi Xitoy?

Vashington ittifoqchi davlat razvedkasini jangarilar bilan aloqada ayblaydi, Islomobod esa AQShni propagandada. Xitoy o’rtada vositachi rolini bajarishi mumkin.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton shu hafta Xitoyni Pokiston yuzasidan yaqinroq muloqotga chaqirdi. Lekin kommunistik davlat bunga qanday javob berishi noma’lum.

So’nggi oylarda Islomobod-Pekin orasidagi yaqin iqtisodiy va harbiy hamkorlik haqida ko’p gaplar bo’layapti. Ikki davlat 9 milliard dollarga teng savdo qiladi. Xitoy Pokistonga katta sarmoya olib kirgan.

Biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley bu borada ortiqcha izohga hojat yo’q, deydi. U Klintonning da’vatini ham javobsiz qoldirdi.

“Amerika va Pokiston oradagi tushunmovchilikni hal qiladi degan umiddamiz. Bu mintaqa tinchligi va barqarorligi uchun ham muhim”, - deya qayd etadi Xong Ley.

Xitoy Pokistonga katta sarmoya yotqizgan bo’lsada, mamlakat notinch ekanini yaxshi biladi. Xitoy konchilik kompaniyasi shu hafta 19 milliard dollarga teng loyihani bekor qilgan.

Ikki davlat terrorga qarshi kurashda ham bir-birini hamkor deb biladi, ayniqsa Xitoy o’ziga tahdid deb bilgan uyg’ur bo’lginchilari masalasida.

Tahlilchi Jeyms Brazier fikricha, ayniqsa Afg’onistondagi manfaatlar borasida tomonlar hamfikr.

“Xitoyning shundoq biqinida, energetik resurslarga boy va Afg’oniston bilan chegaradosh davlatlar barqarorligi Pekin uchun juda muhim. Jangarilar Tojikiston va Qirg’iziston orqali Shinjonga oyoq qo’yishi mumkin degan xavotir bor. Afg’oniston tinch bo’lsin desak, Pokistondan ko’mak zarurligini Xitoy juda yaxshi tushunadi”, - deydi mutaxassis.

Qo’shma Shtatlar Pokistonni Haqqoniylar bilan aloqada ayblar ekan, Xitoy hozircha jim. Vositachi rolini olishga na ha, na yo’q deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG