Xitoy rasmiylari uyg'urlarga ro'za tutishni taqiqlamoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Shinjon viloyatida ayrim hukumat idoralari hamda maktablarda ishchi va o’quvchilarga ro’za tutmaslik buyurilmoqda. Bunday cheklov hududda ilgari ham kuzatilgan, ammo bu yilgi taqiq mintaqada beqarorlikni yanada kuchaytirishi kutilyapti.

Dunyo bo’ylab musulmonlar, jumladan, Xitoy uyg’urlari ham Ramazon oyining ro’zasini tutmoqda. Ammo Shinjonning davlat idoralarida hamda ta’lim muassasalarida ro’za tutayotganlar tazyiq ostida. Mayami universiteti professori Jun Teufel Dreyerning aytishicha, Xitoy rasmiylari taqiqni sog’liq bilan bog’liq masala sifatida izohlaydi.

“Bu aslida yangilik emasligidan xabarim bor. Ilgari ham Ramazon payti buni taqiqlashgan. Ro’zani sog’liq uchun xatarli deb ta’riflashadi. Talabalar o’qish uchun kuch-quvvatga ega bo’lishi kerak deyishadi. Ishchilar esa vazifalarini to’g’ri bajarishlari uchun ro’za tutmaslik buyuriladi”, - deydi professor.

Dreyer so’zlariga ko’ra, Shinjonda oxirgi paytda zo’ravonlik kuchaygani bois bu yilgi taqiq ko’proq e’tiborni tortmoqda. Oksford universiteti tadqiqotchisi, Xitoydagi ozchilik millatlar haqida qator kitoblar muallifi Reza Hasmatning ta’kidlashicha, ro’zadorlarni ta’qib qilish beqarorlikning yanada kuchayishiga hissa qo’shadi.

“Shinjon uyg’urlari orasida ziddiyat kuchli. O’tgan yildan beri davom etayotgan etnik zo’ravonlik sharoitida bu holat norozilikni yanada kuchaytiradi”, - deydi u.

Uyg’ur-Amerika Uyushmasi prezidenti Olim Seytoff uyg’urlarning bu taqiqdan o’ta ranjiganini aytadi. Bu holat ozchilik diniy va etnik elatlarga yaxshi munosabatda bo’linayotgani haqidagi Pekin da’volarining yolg’on ekanini ko’rsatadi, deydi u.

“Bu Xitoyda aslida ozchilik guruhlarga imtiyozlar yo’qligini anglatadi. Uyg’urlarning diniy e’tiqodi buzilyapti, dinga qarshi siyosat bu. Shuning uchun men va boshqa ko’plab uyg’urlar bu choraga keskin qarshimiz”, - deydi xorijdagi uy’gurlar jamiyati yetakchisi Seytoff.

Xitoy va uyg’urlar o’rtasidagi ziddiyat uzoq yillik tarixga ega. Elatlararo ixtilof tobora kuchayib bormoqda. May oyida uyg’urlarga tegishli ekani taxmin qilingan ikki mashina gavjum bozorda portlab, 39 odamning o’limiga va boshqa yuzlab kishilarning jarohat olishiga sabab bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG