Xitoy va AQSh rasmiylari ko'zi ojiz dissident yuzasidan gaplashadi

  • Amerika Ovozi

Chen Guanchen, xitoylik ko'zi ojiz dissident (o'rtada)

Chen Guanchen, xitoylik ko'zi ojiz dissident (o'rtada)

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton va Moliya vaziri Timoti Geytner muzokaralar uchun Xitoyga yo'l olmoqda. Uy qamog'idan qochib, AQSh himoyasida deb taxmin qilinayotgan xitoylik dissident masalasi muloqotga pand berishi mumkin.

Klinton Vashingtonni tark etar ekan, ko'zi ojiz Chen Guanchen xususida gapirmadi. Ammo Xitoy rasmiylari bilan uchrashuvlari chog'ida inson huquqlari masalasi ko'tarilishini ta'kidladi.

"Konstruktiv aloqalar deganda kelishmovchiliklar mavjud sohalar xususida, jumladan inson huquqlari bo'yicha fikr almashish tushuniladi", - dedi Klinton.

Kecha prezident Barak Obama ham jurnalistlarning "Chen qayerda" degan savolidan qochdi. Mish-mishlarga ko'ra, dissident AQShning Pekindagi elchixonasida jon saqlayotgan bo'lishi mumkin.

"Xitoydagi vaziyatdan xabarim bor, albatta. Biroq bu borada aytadigan gapim yo'q. Shunisi aniqki, Xitoy rasmiylari bilan qachon gaplashmaylik, inson huquqlari masalasi chetda qolib ketmaydi", - deydi prezident.

Chenning g'oyib bo'lgani ayon bo'lgach, AQSh davlat kotibining Sharqiy Osiyo bo'yicha yordamchisi Kurt Kempbell yakshanba kuni Pekinga borib, dissident masalasi bo'yicha gaplashmoqda. Payshanba kuni Xitoy poytaxtida boshlanadigan yillik Strategik va iqtisodiy muloqot chog'ida ham mavzu ko'tarilishi kutilmoqda.

AQShda joylashgan "Xitoyga yordam" guruhi rahbari Bob Fu Chenning taqdiridan xabardor odamlardan.

Uning aytishicha, ayni damda AQSh va Xitoy rasmiylari dissident va uning oilasiga Amerikaga chiqishga ruxsat berish xususida gaplashmoqda.

Chen juma kuni qochgan. O'sha kuni uning akasi va jiyani hibsga olingani ma'lum. Rafiqasi, qizi va onasi esa uy qamog'ida. Nazorat kuchaytirilgan.

Huquqshunos dissident Xitoyda oila hajmini nazorat etish siyosatiga doir ma'lumotlarni to'plab borgani va majburiy abortga qarshi chiqqani uchun to'rt yilni panjara ortida o'tkazib, 2010-yil sentabridan beri uy qamog'ida saqlanayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG