Xitoy bilan energiya hamkorligi Rossiyaga nima beradi?

  • Amerika Ovozi

21-may kuni Xitoy va Rossiya energiya ta’minoti bo’yicha ulkan shartnomaga imzo chekdi. Unga ko’ra, Rossiya dunyoning ikkinchi eng katta iqtisodiyoti Xitoyga 30 yil davomida gaz yetkazib beradi. 400 milliard dollarga baholangan kelishuv Rossiya rahbari Vladimir Putin uchun G’arb bilan aloqalar yomonlashgan bir paytda ayni muddao bo’lgani aytilmoqda.
Xalqaro sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazgani sir emas. Prezident Putin uchun Xitoy bilan erishilgan energiya bitimi shuning uchun ham katta ahamiyatga ega.

“Mubolaga’siz, bu loyiha keyingi to’rt yil ichida dunyoning eng katta qurilish obyektiga aylanadi”, - deydi Putin.

Sibir gaz konlarini Xitoy bilan bog’lovchi quvurlarning qurilishi bo’yicha muzokaralar 10 yil oldin boshlangan. Ammo iqtisodiy jazo choralari Moskvani bu masalada tezroq kelishuvga erishishga undagan ko’rinadi, deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Rossiya va Yevrosiyo dasturi direktori o’rinbosari Jeffri Mankoff.

“Sanksiyalar hamda G’arb va Rossiya o’rtasidagi aloqalarning murakkablashgani Moskvada bu bitimni tezroq amalga oshirish istagini kuchaytirdi”, - deydi u.

Mankoffga ko’ra, kelishuv shoshilinch amalga oshirilgani bois Rossiya Xitoy shartlariga ko’nishga majbur bo’lgan. Masalan, gaz narxini belgilashda Xitoy o’z so’zini o’tkazgan bo’lishi mumkin. Ammo ko’plab kuzatuvchilar energiya kelishuvining har ikki mamlakat uchun ham manfaatli ekanini aytmoqda. Xitoy o’zining ulkan iqtisodiyoti uchun toza yonuvchi energiyaga ega bo’lsa, Rossiya yangi quvurlar orqali tez o’sayotgan Osiyo bozoriga kirib boradi.

“Bu esa yangi muammolarni yaratishi mumkin. Xitoy Yaponiya, Vyetnam va Janubi-sharqiy Osiyoning ayrim boshqa davlatari bilan murakkab aloqalarga ega. Rossiya ular bilan munosabatlarini kuchaytiradigan bo’lsa, o’zini mavjud ixtiloflarga aralashtirib qo’yadi”, - deydi Mankoff.

Shunga qaramay, kelishuv Rossiyaga iqtisodiy manfaat berib, dunyoning ulkan iqtisodiyoti bilan aloqalari yaxshilanishiga hissa qo’shadi. AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki energiya kelishuvi AQSh siyosatiga ta’sir ko’rsatmasligini ta’kidladi.

“Energiya - global bozor. U yerda tez-tez yangi shartnomalar imzolanib turadi, ayniqsa, Xitoy va Rossiya kabi asosiy iste’molchi va ishlab chiqaruvchilar o’rtasida. Biz Rossiyaga bosim ko’rsatish bo’yicha o’z strategiyamizni davom ettiramiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Yevropa uchun esa vaziyatni baholash biroz murakkab. Qit’a gazga bo’lgan ehtijoyining katta qismini Rossiya hisobiga qondiradi. Yevropaliklar yangi energiya manbalarini topgan taqdirda ham, Xitoy bilan imzolangan bitim Ukraina yuzasidan Rossiyaga ko’rsatilgan iqtisodiy bosimning kuchini kesishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG