Breaking News

Xitoy "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo'shiladimi?


Xitoy harbiylari antiterror mashqlarida ishtirok etmoqda, 11-iyul, 2014-yil.
Xitoy harbiylari antiterror mashqlarida ishtirok etmoqda, 11-iyul, 2014-yil.

AQSh Suriyada jangarilarni havodan nishonga olishi ortidan Xitoy ham xalqaro maydonda terrorizmga qarshi olib borilayotgan kampaniyani qo’llab-quvvatlab chiqdi. “Islomiy davlat” guruhiga qarshi koalitsiya kengaygan sari Pekin Shinjon viloyatida ekstremizm bilan kurash nomi ostida aksil-terror amaliyotlarini kuchaytirmoqda.

Xalqaro koalitsiya va Xitoy, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00
Yuklab oling

Xitoyning yaqin orada “Islomiy davlat”ga qarshi xalqaro koalitsiyaga yordam ko’rsatishi kutilmayapti. Ammo Pekin o’z uyida ekstremistlarga qarshi olib borayotgan kurashini xalqaro aksil-terror amaliyotlari bilan ug’un ekanini ta’kidlaydi.

“Xitoy har qanday shakl va ko’rinishdagi terrorizmni rad etishini doim ochiq aytib kelgan. Xalqaro hamjamiyat terror bilan birga olishishi kerak. Shuningdek, o’z hududida xavfsizlik va barqarorlik o’rnatishga urinayotgan davlatlarga yordam berilishi kerak”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin.

Xitoyning diniy ekstremizmni tugatish yo’lida amalga oshirayotgan siyosati norozilik va tushunmovchiliklarga sabab bo’lib keladi. O’tgan bir yilda Shinjondagi anti-terror amaliyotlarida ko’plab oddiy fuqarolar halok bo’lgan.

To’qnashuvlarning asl sabablari ochiq aytilmaydi va bo’lib o’tgan hodisalar haqida batafsil ma’lumot olishning imkoni yo’q. Xorijdagi huquq faollarining aytishicha, zo’ravonliklarning asl sababi Pekinning farqli din va madaniyatga ega uyg’urlarga nisbatan repressiv siyosatidir.

23-sentabr kuni Xitoy sudi uyg’urlar huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan professor Ilhom To’xtini ayirmachilik va zo’ravonlikni targ’ib etganlikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm etdi. To’xti shu paytgacha xitoy va uyg’ur xalqlarini bog’lab turgan ziyoli sifatida ko’rib kelingan. AQSh, Yevropa ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va ko’plab huquq faollari Xitoy hukumatini To’xtini ozod qilishga chaqirgan.

Ziyolining jazoga tortilishi hamda Shinjon aholisiga nisbatan zug’umlarning oshgani Xitoyning o’z uyida zo’ravonlikka qarshi haqli kurash olib borayotganiga doir da’volariga ishonchsizlikni yanada oshirdi.

Xitoyliklar ayni paytda “Islomiy davlat”ga qarshi tuzilgan koalitsiyada Xitoyning o’rni qanday bo’lishi kerakligi haqida bahs olib bormoqda. Harbiy tahlilchi Jao Chuning blogida yozishicha, bu kurashga qo’shilish nafaqat mamlakat harbiy tajribasini oshiradi, balki mintaqada Pekin manfaatlari himoyasiga ham hissa qo’shib, xalqaro adolatga befarq emasligini ko’rsatadi.

Xitoy davlat matbuotida yangragan fikrlarga ko’ra esa, koalitsiyaga bosh qo’shish to’g’ri qaror emas, chunki bu AQShning dunyoda hanuz yetakchi davlat ekanini ko’rsatishga qaratilgan yana bir urinishdir. Pekin universiteti tahlilchisi Van Lian terrorizmga qarshi kurash ortiq yagona bir davlatning muammosi emasligini ta’kidlaydi.

“13 yil burun 11-sentabr hujumlari boshlangandan beri dunyo ahli terrorga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik zarur ekanini anglab yetdi. Ammo terrorizmga qarshi kurash xalqaro qonunlar va adolat tamoyillariga rioya qilishni taqozo etadi”, - deydi xitoylik siyosatshunos.

Iroq va Suriyadagi jangarilar orasida Xitoy fuqarolari ham bor, ammo ularning soni qancha ekani ma’lum emas. Iroq armiyasi “Islomiy davlat” guruhiga mansub xitoylarni qo’lga olgani haqida xabar bergan. Bu davlatning Yaqin Sharqdagi sobiq diplomati Vu Saykning aytishicha, Iroq va Suriyada qariyb 100 xitoylik jang qilayotgan bo’lishi mumkin.

Xitoy Kommunist partiyasiga yaqin “Global Times” gazetasida yozilishicha, “Islomiy davlat” va Shinjondagi ekstremist guruhlar o’rtasida aloqa bor. Shinjonlik ekstremistlar Iroq va Suriyada tayyorgarlikdan o’tmoqda, deya yozadi nashr.
Maqolada, shuningdek, guruhning kelib chiqishiga ham shubha bilan qaralgan. “Islomiy davlat” terrorchi guruhmi yoki Yaqin Sharqda olib borilgan siyosat mahsuli, deya savol tashlaydi mualliflar.

Gazeta hukumatning rasmiy nashri hisoblanmasa ham, mamlakat yetakchilarining siyosiy kayfiyatini ifodalashi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG