Pekindagi portlashda uyg'urlar ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Qashg'ar, Shinjon uyg'ur muxtoriyati

Qashg'ar, Shinjon uyg'ur muxtoriyati

Xitoy hukumati o’tgan dushanba Pekindagi Tiananmen maydonida yuz bergan portlash oldindan rejalangan terror hujumi deya qayd etar ekan, o’nlab uyg’urlar jinoyatda ayblanib qamoqqa olingan.


E’tibor yana Shinjonda, uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan mintaqada.

Xitoy rasmiylari deydiki, musulmon bo’lginchilar o’z qora rejalarini aynan shu yerdan turib tuzmoqda va uning uchun pul yig’moqda.

Uch kishi o'tirgan "Mersedes" mashinasi 28-oktabr kuni Tiananmenda odamlarni bosib, alanga olgan, so'ng esa portlagan. Ikki sayyoh va mashinadagi odamlar o’lgan, bir necha odam jarohatlangan.

Jahon uyg’urlari kengashi, bu elat manfaati uchun kurashib kelayotgan organning bildirishicha, o’tgan ikki kun ichida 53 kishi hibsga olingan.

Pekindagi portlashni ro’kach qilib, hukumat uyg’urlarga bosimni yanada oshiradi, deya ogohlantirmoqda Yevropa va AQShda yashovchi faollar.

Uyg’urlari rahnamosi Robiya Qodir Xitoyning ashaddiy tanqidchisi.

Uning aytishicha, Pekinga uyg’urlarni ezish uchun bahona kerak xolos.

Har qanday baloda uyg’urlar ayblanadi, Xitoyning maqsadi bu elatni butkul yo’q qilish, deydi Robiya Qodir.

Odatda uyg’urlar Shinjondagi xurujlarda ayblanadi. Pekindagi portlash ham ularning bo’yniga qo’yilar ekan, bu uyg’urlar uchun faqat shum xabar, deydi faollar.

Ular nazarida bu bilan Xitoy hukumati bu millat vakillariga qarshi keng va ochiq kampaniya boshlamoqda.

Rasmiylar buni rad etadi va uyg’urlar nafaqat Shinjonda, balki butun mamlakat bo’ylab erkin va farovon yashamoqda, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG