Tiananmen hodisasidan so'ng Xitoyda matbuot ustidan nazorat kuchaytirildi

  • Amerika Ovozi

Pekin, Tiananmen maydoni

Pekin, Tiananmen maydoni

Xitoy hukumati Pekindagi Tiananmen maydonida uyg’ur bo’lginchilari terror xuruji uyushtirdi deyishiga qaramay, juda ko’p savollar javobsiz qolmoqda. Xabarlarga ko’ra, Shinjondan chiqqan bir oilaning uch a’zosi poytaxtga borib, mashinasi markaziy maydonda olomonga urilgan. Avtomobil alanga olib portlagan, mashinadagilarning barchasi hamda atrofdagi sayyohlardan ikkisi o’lgan, 40 odam jarohat olgan.

Uyg’ur faollari xulosa qilishga shoshmang demoqda va Xitoy hukumatini shu tariqa o’zining uyg’urlarga nisbatan zulmini oqlashga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Pekin Tiananmen maydonidagi voqea va siyosatimiz o’rtasida bog’liqlik yo’q, demoqda.

Xitoy rasmiylariga ko’ra, bu oilaga xurujni uyushtirishda shinjonlik yana bir necha odam yordam bergan. Besh kishi shu munosabat bilan ushlangan. Avtomobilda 400 litr benzin, pichoqlar va ekstremistik mazmundagi shiorlar topilgani aytiladi.

Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Ley voqeani Xitoy jamiyatiga qarshi qaratilgan harakat sifatida baholamoqda.

"Bu masalada ikkiyuzlamachilikka yo’l qo’ymaymiz. Ayrim odamlar xurujni Xitoy siyosatiga bog’lab, hamma balolarda shu siyosatni ayblamoqda. Bunday yondashuvdan norozimiz", - dedi rasmiy.

Xitoy hukumati mamlakatning beshdan bir qismini egallagan, tabiiy resurslarga boy g’arbdagi Shinjon viloyatini rivojlantirib, mahalliy aholi uchun keng imkoniyatlar yaratganini aytmoqda. Biroq bu joyni Sharqiy Turkiston deb atovchi uyg’ur aholisi dini va madaniyati bo’g’ilayotganidan shikoyat qiladi.

Xitoy matbuoti Shinxua davlat axborot agentligi tarqatgan xabardan chetga chiqa olmaydi. Tvitter kabi mahalliy Veybo ijtimoiy sahifasi aholi uchun jonli munozara maydoni bo’lsa-da, nozik mavzularda bildirilayotgan fikrlar tozalanib turadi, senzura kuchli.

Tiananmen maydonidagi voqeadan so’ng Pekinda yashovchi ko’zga ko’ringan uyg’ur namoyandalari bir necha kundan beri bosim ostida.

Iqtisodchi Ilhom Tohtining aytishicha, hukumatning Shinjonda qattiqqo’l siyosatini tanqid qilishga botingan o’zi kabi tahlilchilarga do’q-po’pisalar qilingan.

"Oddiy kiyim kiygan politsiyachilar mashinasini mening avtomobilimga urib, jurnalistlar bilan aloqaga chiqa ko’rma, deb aytishdi. Rafiqam va mening telefonlarimni tortib olib, ichidagi ma’lumotlarni o’zlariga ko’chirib olishdi. So’ng yana do’q-po’pisa qilishdi, o’ldiramiz, oilangni barbod qilamiz, deyishdi. Hammasi bungacha matbuotga ancha-muncha narsalarni aytganim uchun bo’ldi", - deydi iqtisodchi.

Ilhom Tohtining aytishicha, uyg’urlar ijtimoiy muammolari haqida ko’proq gapira boshlagan, ammo shunga qaramay, vaziyat qaltis.

"Odamlarda tobora qo’rquv yo’qolmoqda, ammo hali ham ko’pchilik ochiq gapirishga botina olmaydi. So’z erkinligi Shinjonda qaltis masala. Men ularni tushunaman", - deydi pekinlik iqtisodchi.

Do’q-po’pisalarga qaramay, men jim tura olmayman, o’z fikrlarimni bildirishda davom etaman, deydi u.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha tahlilchi Rafaello Pantuchchining aytishicha, Xitoy hukumati turmushidan, muhitdan norozi odamlarning birlashishidan, yagona fikr bildirishidan xavotirda va uning maydondagi voqeaga munosabati shundan dalolat bermoqda.

"Tuzumdan norozi odamlarning nimalarga qodir ekanini ko’rib turibmiz. Hammaning dardi har xil, albatta, ammo muammolar, shikoyatlar to’planib, bunday insonlarni kattaroq maqsadga yo’naltirsa, ya’ni uyg’urlar “yerimizni bosib olishdi, zulm ostida qoldik, kurashga otlanishimiz kerak” deya boshlasa, kattaroq muammolar bilan yuzlashyapmiz deyavering", - deydi ekspert.

Xitoyda mahalliy rasmiylar harakatlari yoki markaziy hukumat siyosati ustidan noroziliklar bois o’tmishda ko’p zo’ravonlik hollari uchragan. Davlat mudofaadan ko’ra ichki xavfsizlikka ko’p pul sarflaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG