Xitoy bosimidan to’ygan tibetliklar o’ziga o’t qo’ymoqda

  • Amerika Ovozi

Tibetliklar mahrumlarni xotirlamoqda

Tibetliklar mahrumlarni xotirlamoqda

So’nggi oylarda bir necha tibetlik faol Xitoy hukumatining siyosatidan norozilik tariqasida o’ziga o’t qo’yib, nobud bo’ldi. Pekin rasmiylari nazarida esa bu terrorchilik. Buddistlar rahnamosi Dalay Lama uyushtirgan uni, deydi ular.

May oyidan buyon to’qqiz nafar tibetlik, erkak va ayollar, o’ziga o’t qo’yib joniga qasd qilishga urindi. Besh erkak jarohatlardan vafot etdi. Ularning bari yosh, hali 24ga ham kirmagan.

Har bir namoyishchi, shu jumladan Tenzin Vangmo ismli buddist ayol o’zini yoqishdan oldin Xitoy siyosatiga qarshi gapirgan, diniy erkinlik va Dalay Lamaga Tibetga qaytish huquqini berishni talab qilgan.

Bu hollarning aksariyati Aba deb nomlangan kichik shaharchada, Tibetga qo’shni Sichuan viloyatida yuz berdi.

Pekin rasmiylari bu harakatlar buddizmga zid emasmi deya xayron.

Ayrim buddistlar bosimga bardosh bera olmayapti

Ayrim buddistlar bosimga bardosh bera olmayapti

Kolumbiya Universiteti professori Robert Barnett ayrim ta’limotlarni tilga oladi.

“O’ziga o’t qo’yish orqali Buddaga sadoqatini namoyish etish haqida yozilgan ayrim kitoblarda. K’op emas, albatta, lekin bunday ta’limotlar bor. Shu sababli buni buddizmga mutlaqo zid deyish noto’g’ri. Bunday hollar uzoq o’tmishda yuz bergani aniq”,- deydi olim.

Tibet ahli motamda. Sham yoqib marhumlarni xotirlamoqda.

Robert Barnett fikricha o’t qo’yish orqali norozilikni ifoda etish Tibetda kam uchraydigan hol.

“Yaqin o’tmishda bunga ko’p guvoh bo’lmaganmiz”,- deydi tadqiqotchi.

Xitoy hukumati Tibetda dindorlardan vatanparvarlik darslariga qatnashni talab qiladi.

Aynan mana shu narsa aholi orasida keskin qarshilik uyg’otmoqda. Bu darslar, deydi tibetliklar, “bizni Dalay Lamadan voz kechib, kommunizm mafkurasini o’rganishga majbur qiladi”.

Amerika Dalay Lamani quvvatlab keladi. Uni Tibetning "buyuk lideri" deb ataydi.

Amerika Dalay Lamani quvvatlab keladi. Uni Tibetning "buyuk lideri" deb ataydi.

Ibodatxonalar norozilik bildirganida, hukumat chora ko’rdi. Ba’zilarini politsiya tintuv qildi, boshqalarida suv va elektr tokini o’chirib qo’ydi.

O’ziga o’t qo’yish hollari boshlanganida, Aba shahriga darhol xavfsizlik kuchlari safarbar etildi.

Professor Robert Barnettga ko’ra, Tibetdagi harakatlar pichoq suyakka borib taqalganini anglatadi.

Londonda joylashgan “Ozod Tibet” guruhi rahbari Stefani Bridjen bunday vaziyatga Xitoy hukumati javob berishi kerak, deydi:

”Yosh tibetliklar xalqaro hamjamiyat e’tiborini Tibetdagi inson huquqlari borasidagi inqirozga qaratish maqsadida hayotdan ko’z yumishga tayyor”,- deydi u.

Xitoy Tashqi ishlar so'zlovchisi Tsiang Yu

Xitoy Tashqi ishlar so'zlovchisi Tsiang Yu

G’arb davlatlari rasmiylari Tibetdagi vaziyat Pekin olib borayotgan siyosat mahsuli deb hisoblaydi.

AQSh Davlat Departamenti Xitoy hukumatini Tibet masalasini hal qilishga chaqirdi.

Rasmiy Pekin esa tibetlik faollar o’limini terrorizm deb baholadi va ularni uyushtirganlikda Dalay Lamani aybladi.

Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tsiang Yu deydiki, o’ziga o’t qo’yish hollari ayirmachi kuchlarning ishi va hukumat uchun Sichuan hamda Tibetda barqarorlikni saqlash asosiy vazifa.

Boshqa davlatlar, xususan Amerika Xitoy ichki ishlariga aralasmasligi kerak, deydi diplomat.

Tadqiqotchi Robert Barnettning aytishicha, Pekin Tibetdagi norozilik harakatlarini doimo terrorizm deya baholaydi, lekin shu kungacha biror dalil-isbot keltira olmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG