Tibetlik faollar Xitoydagi siyosiy o'zgarishlardan umidvor emas

  • Amerika Ovozi

Surgundagi tibetliklar Xitoy siyosatiga norozilik bildirmoqda, Daramsala, Hindiston.

Surgundagi tibetliklar Xitoy siyosatiga norozilik bildirmoqda, Daramsala, Hindiston.

Xitoyda Milliy xalq majlisining yillik sessiyasi o’tar ekan, ayrim kuzatuvchilar nazarida mamlakat yirik siyosiy islohotlar bo’sag’asida turibdi. Ammo tibetlik faollar Xitoy hukumatining Tibetga nisbatan siyosatida biror o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.

Tibetning Hindistonda joylashgan surgundagi hukumati Bosh vaziri Lobsan Sangay Xitoy Kommunistik partiyasiga o’tgan yili rahbar etib tayinlangan Si Zinpinga yaqinda yo’llagan maktubida Tibetga doir siyosatni ko’rib chiqishni so’ragan.

“Umid qilamizki, Pekin amaldagi siyosati ish bermayotganini ko’rib, Tibet xalqi manfaatlariga javob beradigan islohotlarni amalga oshiradi. Shundagina o'lkada tinchlik va osoyishtalik hukm suradi. Biroq so'nggi 50 yilga nazar tashlaydigan bo'lsak, umidlanishga asos yo'q”, - dedi Sangay.

Xitoy Konstitutsiyasi bo’yicha mutaxassis, professor Maykl Deyvisning aytishicha, Milliy majlis sessiyasida mamlakat prezidentligiga tayinlanishi kutilayotgan Si Zinpinning Tibet siyosatini ko’rib chiqishga qo’li tegmasligi mumkin. Uning oldidagi asosiy vazifalar – iqtisodiyotni boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurash va AQShning Osiyodagi siyosatiga qarshi siyosat ishlab chiqish.

“Tibet xavfsizlik nuqtai nazaridan Pekin uchun muammo tug’diradi. O’lkada norozilikni tinchitish uchun hukumat repressiyalarni kuchaytirish o’rniga Tibet muxtoriyati va madaniyatiga doir siyosatni mo’tadillashtirishi maqsadga muvofiq bo’lar edi”, - deydi olim.

Tibetlik inson huquqlari himoyachisi Tserin Tsomoning aytishicha, Pekin tibetliklar uning o’lkadagi til, iqtisodiyot va dinga doir siyosatini qabul qilmasligini anglab yetgani yo’q. Bunday siyosat ularni o’z o’lkasida kamsitmoqda, deydi faol.

“Pekin bu bilan tibetliklar o’zligini yemirib, ularni, Xitoy hukumati ta’biri bilan aytganda, “yangi sotsialistik shaxs”ga aylantirmoqchi. Bu Pekinning Mao Tzedun davridan beri ko’zlayotgan maqsadi. Ammo bunday davom etishi mumkin emas”, - deydi Tsomo.

Hindistonning Daramsala shahrida tibetlik talabalar Dalay Lama buddist ibodatxonasida Xitoy siyosatiga qarshi norozilik bildirib, ochlik e’lon qilib turadi. O’lkaning diniy rahnamosi salkam ikki yil oldin siyosiy vakolatlarini topshirganiga qaramay tibetliklar uchun hanuz ramziy yo’lboshchi. Pekin tanqidiga tez-tez uchrab turadigan Dalay Lama hozir 77 yoshda.

Tibet bo’yicha tahlilchi Karolin Kutinxolning aytishicha, Xitoy hukumati siyosiy byurosining tarkibi o’zgarmoqda. Bu juda muhim. Ammo Dalay Lama vafotidan so’ng Xitoyda hokimiyatga kim kelishi bundan-da muhimroq, deydi tahlilchi.

2008-yilda Tibet poytaxti Lxasada isyon boshlanganida ayrim tibetliklar o’lkadan qochishga majbur bo’lgan.

"O’ziga o’t qo’yishlar Tibetda ahvol naqadar og’ir ekanini ko’rsatmoqda. Odamlar chorasiz qolgan. Dalay Lama hayotdan ko’z yumsa, tibetliklar qo’liga qurol olib, tinch namoyishlardan zo’ravonliklarga o’tishi mumkin", - deydi qochqinlardan biri.

Surgunda uzoq yil yashaganiga qaramay, aksariyat tibetliklar vataniga qaytishni orzu qiladi. Xitoy bilan muloqot natija bermayotgan bo’lsa-da, Lobsan Sangay umidini uzgani yo’q.

“Buddizm 2600 yildan beri mavjud, kommunizmga esa 100 yildan sal ko’proq bo’ldi, xolos. Kommunizm buddizmga raqobat emas. Vaqt o’tishi bilan tibetliklar erkinlikka erishib, Dalay Lama nihoyat Tibetga qaytishiga ishonaman”, - deydi o’lkaning surgundagi hukumati rahbari.

Bu faollar Xitoy hukumatiga qarshi avloddan avlodga o’tayotgan siyosiy kurashini Hindistondan turib davom ettirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG