Xitoy: Yangi savdo yo'lida Afg'onistonning roli beqiyos

  • Amerika Ovozi

Pokistonning Gvodar porti yangi savdo yo'lida muhim rol o'ynaydi

Xitoy yangi xalqaro tijorat tizimi barpo etish bilan band ekan, unda notinch Afg'oniston ham o'ziga xos rol o'ynaydi. Iqtisodiy taraqqiyot tinchlik yo'lida xizmat qiladi, deydi rasmiylar.

Bir necha yo'nalishdagi savdo yo'llarining biri Pokiston orqali bo'lib, unga Turkmaniston, Tojikiston va Afg'oniston ham ulangan.

Kobuldan siyosiy tahlilchi Ahmad Bilol Xalilning qayd etishicha, bu tijorat tizimi uning mamlakatiga ish o'rinlari va iqtisodiy imkoniyatlar olib keladi.

Ikki yangi magistral, ikki yo'nalishdagi temir yo'li va Kunar viloyatida suv ombori quriladi. Pokistonning Peshovar shahridan Qunduz va undan keyin Markaziy Osiyo tomon yo'llar ochiladi.

Yangi temir yo'llardan biri Pokistonning Landi-Kotal shahridan boshlanib, Afg'onistonning Jalolobod shahrigacha boradi. Ikkinchisi esa Pokistonning Chaman shahridan Afg'onistonning Spinboldak shahri orasida bo'ladi.

Pokistonda hozirgacha bu maqsadda 50 million dollar sarmoya qilgan Xitoy Afg'onistonda ham faollashishi kutilmoqda.

"Xitoy Afg'oniston tinch bo'lmasa, uning yangi savdo tizimi yaxshi ishlay olmasligini tushunadi. Barqarorlik uchun hissa qo'shish uning ezgu niyati, chunki u ham tinchlikdan manfaatdor", - deydi Xalil.

Xitoy rejasi: Yangi xalqaro tijorat tizimi barpo etish
Xitoy rejasi: Yangi xalqaro tijorat tizimi barpo etish

Buyuk Ipak yo'li o'tgan qadim yerlarda endi yangicha tijoriy yo'nalishlar qurish lozimligi haqida uzoq yillardan beri bong urib kelayotgan G'arb amalda biror konkret qadam tashlamadi, deya tanqid qiladi ekspertlar.

Xitoy bu maqsadda milliardlab dollar sarmoya qilishni va'da qilgan va investitsiya jarayoni boshlangan.

"Pekin Yaqin Sharq va Yevropaga yetib bormoqchi", - deydi Deyvid Kelli, Xitoy poytaxtida Geosiyosiy tadqiqot markazi rahbari.

"Xitoy misli ko'rilmagan ko'lamdagi savdo sistemasini yuzaga keltirmoqchi. Bu murakkab va qimmat loyiha ekani aniq. Pekinga kuchli iroda kerak."

Birinchidan, har bir mintaqa tinch bo'lishi kerak. Janubiy Osiyo tahlika ichida yashaydi.

Markaziy Osiyo barqaror lekin hukumatlar yangi savdo yo'llari bo'yicha o'z qarashlari va rejalariga ega. Ular bilan hisoblashish zarur. Qolaversa, bu mamlakatlarda bank tizimlari va iqtisod ancha past darajada, deydi tahlilchilar. Xitoy ular bilan ishlay olishi uchun avvalo ularni rivojlantirish uchun hissa qo'shishi kerak.

Afg'on-Pokiston chegarasida
Afg'on-Pokiston chegarasida


Afg'onistonda qurilishlar
Afg'onistonda qurilishlar

Terrorizmga qarshi kurash barcha uchun ustuvor masala. Xitoyning Shinjon-uyg'ur viloyatidan tortib butun Pokiston va Afg'oniston shimoligacha, kundalik masala terror hujumlarining oldini olish. Qoradori savdosi yana bir katta boshog'riq.

Xitoy afg'on konlarini rivojlantirish uchun millionlab dollar ajratgan. Infratuzilma qurish - yuqori o'rindagi vazifalardan biri. Usiz hech bir sohada rivojlanish bo'lmaydi.

Afg'onistonda mineral boyliklarni qazish va jahon bozoriga chiqarish uchun 1 trillion dollar kerak.

Xitoy qurilish kompaniyalari bir necha mamlakatda yangi loyihalar boshlashga tayyor. Ishchi kuchini ular o'zlari bilan Xitoydan olib boradi. Bu degani mamlakatlarning o'zida bu borada yangi ish o'rinlari ko'paymaydi.

Pekin rasmiylari bu masalaga shunday izoh beradi: Xitoy mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirishni, ularni biznes va savdo jihatdan ulashni istaydi. Har bir davlat rahbariyati o'z hududida nima qilishni o'zi hal etadi. Yangi yaralayotgan imkoniyatlardan qanday foydalanish ularga havola. Masalan, Afg'oniston va Pokiston azaldan chiqishmay keladi. Iqtisodiy zanjir mahkamlanar ekan, ular bundan ijobiy tarzda foydalanishi kerak.

Xitoy ta'biricha, bozor jadallashib, tirikchilik osonlashar ekan, ekstremizm va zo'ravonlik changalidagi jamiyatlar tinchlana boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG