Breaking News

Ayrim davlatlar Xitoydan cho'chib uyg'urlarni deportatsiya qilmoqda


Ayrim davlatlar Xitoydan cho'chib uyg'urlarni deportatsiya qilmoqda
Ayrim davlatlar Xitoydan cho'chib uyg'urlarni deportatsiya qilmoqda

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar qator mamlakatlarni uyg'urlarni Xitoyga topshirayotganlikda ayblamoqda. Malayziya, Pokiston va Tailand inson huquqlariga zid holda uyg'urlarni majburan deportatsiya qilgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bu davlatlar Xitoy bosimi ostida, rasmiy Pekindan hayiqib shunday qilishga majbur bo'lgan.

Xalqaro Amnistiya va Human Rights Watch tashkilotlariga ko'ra, Malayziya oy boshida 16 uyg'urni hibsga olib, 11 nafarini Xitoyga topshirgan. Ular qiynoqqa solinishi mumkin, deydi bu tashkilotlar.

Tailand immigratsiya xizmati ham shu oy bir uyg'urni hibsga olgan edi. Pokistonda esa bir necha kishi ushlangan.

Human Rights Watch tashkilotining direktori o'rinbosari Fil Robertsonning aytishicha, bu davlatlar Xitoyga uyg'urlarni ta'qib etishda yordam bermoqda.

"Rasmiy Pekin mamlakatdan qochgan uyg'urlar iziga tushgan ko'rinadi. Uning bosimi ostida boshqa davlatlar o'z qonunlari, xalqaro qoidalarga xilof ish tutib, uyg'urlarni shoshilinch ravishda Xitoyga topshiryapti", - deydi Robertson.

Tailandda Nur Muhammad ismli odam Shinjondagi namoyish va zo'ravonliklar oqibatida Xitoydan 2009-yilda chiqib ketgan edi. Human Rights Watch ning bildirishicha, Xitoy uni terror guruhiga a'zolikda ayblamoqda. Tailand esa uni mamlakatga noqonuniy kirgan deb, yuridik normalarga ko'z yumib Xitoyga ekstraditsiya qildi.

Malayziyada esa poytaxt Kuala-Lumpur va Joxor Baru shaharlarida 16 uyg'ur ushlanib, BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligi ularning ishi bilan tanishmasidan oldin 11 nafari Xitoyga topshirildi. Agentlik Malayziya hukumatidan qolganlari bilan ko'rishishga ruxsat berishni so'ramoqda.

Malayziya hukumatining ma'lum qilishicha, uyg'urlar inson savdosi bilan shug'ullangan jinoyatchilardir.

2009-yili Kambodja BMT Qochqinlar agentligi himoyasida bo'lishiga qaramay 20 uyg'urni deportatsiya qilgan edi. Ular orasida homilador ayol va ikki chaqaloq ham bo'lgan edi.

Agentlik vakili Kitti Makkinsining aytishicha, qochqinlar maqomini tekshirmay ularni deportatsiya qilish tashvishlanarli hol.

"Ayniqsa ularning mamlakatdan majburan chiqarib yuborilgani xavotirga molik. Endi ularning huquqlari va erkinligi tahdid ostida, hayoti xavf ostida bo'lishi mumkin. Muammo shundaki, bunday hollarda yuridik normalar chetda qolib ketgan", - deydi Makkinsi.

Xitoy uyg'ur bo'lginchilarini va islomiy radikallarni Shinjondagi tartibsizliklarda ayblaydi. 2009-yili Urumchida uyg'urlar va xitoylar to'qnashib, 200 ga yaqin odam o'lgan edi.

Surgundagi uyg'ur faollari Pekin qo'yayotgan ayblovlarni rad etib, Xitoy hukumati ozchilikdagi bu millat vakillarini yo'q qilmoqchi, deydi.

Kitti Makkinsi deydiki, deportatsiyani amalga oshirgan davlatlar uyg'urlarning qochqinlik maqomini inkor etib, qonuniyligini tekshirmagan, ya'ni Xitoydan ularning jinoyatini tasdiqlovchi dalil so'ramagan.

"Qochqinlik maqomini berishdan oldin BMT agentligi ularning da'vosini sinchkovlik bilan o'rganib chiqadi. Jiddiy jinoiy ishlarga qo'l urgan odamlar bunday maqomdan mustasno", - deydi agentlik xodimasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG