Xitoy uyg'urlari orasida mamlakatni tark etayotganlar soni ortmoqda

  • Amerika Ovozi

Tailanddagi muhojirlar markazida saqlanayotgan xitoylik uyg'ur qochqinlari, 14-mart, 2014-yil.

Tailanddagi muhojirlar markazida saqlanayotgan xitoylik uyg'ur qochqinlari, 14-mart, 2014-yil.

Xitoydagi uyg’urlarning hukumat bilan aloqasi har doim zddiyatga to’la bo’lgan. Ozchilik etnik guruh Xitoy hukumatini uyg’urlarga nisbatan ayirmachilik va zulmga asoslangan siyosat yuritishda ayblaydi. Terrorizmga qarshi kurash nomi ostida Pekin Shinjon viloyatida yanada ko’proq reydlarni amalga oshirar ekan, erkinlik istab mamlakatni tark etayotgan uyg’urlar soni oshmoqda. Tailand hukumati ma’lumotiga ko’ra, mamlakatning muhojirlar saqlanuvchi markazida kamida 400 nafar uyg’ur saqlanmoqda. Shu yil avvalida Kambodja chegarasi yaqinida ham 29 nafar uyg’ur qo’lga olingan edi. Vyetnamda esa 21 uyg’ur Xitoyga deportatsiya qilinishga qarshi bosh ko’targani ma’lum.

Immigratsiya bo’yicha rasmiy Tatchay Pitanilabut bu qadar ko’p uyg’ur muhojirlarini ilgari hech ko’rmaganini aytadi. Aksariyati ayollar va bolalardan iborat bu qochqinlar bilan aloqa qilish qiyin bo’lyapti, deydi u.

“Ular deyarli gapirmaydi, begonalar bilan, hatto rasmiylar bilan ham gaplashmaydi. Odatda, ular tinch o’tirishadi, ibodat qilishadi. Roxinja musulmonlariga o’xshamaydi”, - deydi u.

Tatchayning aytishicha, uyg’urlar Roxinja qochqinlari foydalangan odam tashish bilan shug’ullanuvchi guruhlar yordamida chegaradan o’tgan.

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida uyg’ur muhojirlari sonining ortgani Xitoyda hukumat zug’umlarining kuchaygani bilan bog’lanmoqda. Faollarga ko’ra, bir necha yillik repressiv bosim ostida ko’plab uyg’urlar mamlakatni tark etishga majbur bo’lmoqda.

Kanadadan siyosiy boshpana olgan uyg’urlardan birining “Amerika ovozi”ga aytishicha, so’nggi terror xurujlari ortidan Xitoy xavfsizlik kuchlari mahalliy uyg’urlarga bosimni yanada oshirgan. Natijada ko’plab uyg’urlar noqonuniy yo’llar bilan Xitoyni tark etishga urinyapti, deydi u.

“Ularning aksariyati ayollar va bolalar. Ayrim ayollarning erlari qamoqda, ba’zilari Xitoy politsiyasi tomonidan o’ldirilgan. Ular xitoylik odam tashuvchi guruhlardan yordam oladi. Xitoydan qochgan Falungun guruhi a’zolari bilan ham aloqaga chiqishgan”, - deydi u.

Xitoy xorijdagi ayrim uyg’ur muhojirlarini Shinjondagi terror harakatlarini qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi. Shu bois Pekin xorijga qochib chiqqan uyg’urlarni vataniga qaytarish bo’yicha hukumatlarga bosim ko’rsatadi. So’nggi paytlarda ayrim davlatlarning Pekin talablariga ergashib, uyg’ur qochqinlarini Xitoyga qaytargani huquq faollarining keskin noroziligiga sabab bo’ldi.

Hozir Tailand va Malayziyada saqlanayotgan uyg’ur muhojirlarining keyingi taqdiri hal etilmagan. Ko’plab uyg’rular tili va madaniyati bir bo’lgan Turkiyada yashashni istashini bildirgan.

Turkiyadagi Uyg’urlar dunyo kongressi bu yerda qo’nim topgan uyg’urlar soni allaqachon 30 mingdan ortganini aytadi.

Turkiya hukumati qochqinlarning bu guruhini qabul qilishi mumkinligi haqida ma’lumot bergani yo’q. Ammo Kuala-Lumpurdan Istanbulga uchgan 35 kishilik uy’g’urlar guruhi aeroportda 18 kun ushlab turilganidan so’ng mamlakatga kirishiga ruxsat berilgan edi.
Bangkokdagi turk diplomatining aytishicha, Turkiya hukumati bu qochqinlar taqdiriga befarq emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG