Obamaning Osiyo safari Xitoyni bezovta qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama

AQSh rahbari Barak Obama

AQSh prezidenti Barak Obamaning Osiyoga uyushtirayotgan navbatdagi safari Pekinning hududiy da’volari kuchayayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Qolaversa, Ukraina ixtilofi hamda Xitoyning qo’shni hududlarni o’ziga qo’shib olishda Qrim hodisasini namuna qilib olishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham Vashingtonni tashvishga solmoqda. Ukraina global iqtisodiyotda muhim o’ringa ega bo’lmasligi mumkin. Ammo u bugun Vashington diqqat markazini egallagan olovli manzillardan biri bo’lib turibdi.

O’tgan oy Indoneziyada o’tgan xavfsizlikka oid xalqaro konferensiyada AQShning Tinch okeani floti qo’mondoni Garri Harris Qrimda ro’y bergan hodisaning Tinch okeani mintaqasida takrorlanishiga yo’l qo’yib bo’lmasligini ta’kidladi.

Aprel boshida Kongressda so’zlagan AQSh Davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo’yicha o’rinbosari Deniel Rassel AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi qo’yilayotgan jazo choralari hududiy nizolarda Qrim modelini qo’llash haqida o’ylanayotgan Xitoy uchun ogohlantirish bo’lishi lozim dedi.

So’nggi ikki yil ichida Pekin Sharqiy Xitoy dengizidagi orollarni talashib, Yaponiyaga nisbatan bosimni oshirdi. Hudud ustidan da’vogarligini mustahkamlash uchun Pekin orolga qo’riqchi kemalar va dronlar jo’natmoqda. O’tgan yil oxirida esa mintaqa Xitoyning havo mudofaa zonasiga kiritildi.

Gonkong Baptist universiteti siyosatshunosi Jan-Pier Kabestanning aytishicha, Xitoy Rossiya Qrimda qo’llagan usuldan foydalanishi mumkin. Ammo Pekinning Osiyodagi da’volari va Qrim yarimorolidagi vaziyat o’rtasida katta farq bor, deydi u.

“Bir tomondan, Yaponiya AQShning ittifoqchisi. Ikki davlat o’rtasida xavfsizlik kelishuvi mavjud. Ixtilof yuz bersa, AQSh yordamga keladi. Xitoy buni yaxshi biladi. Ayniqsa, Senkaku orollari atrofida harbiy nizo chiqadigan bo’lsa, Vashington aralashishi haqida so’nggi paytlarda bot-bot eslatmoqda”, - deydi tadqiqotchi.

Shuning uchun Xitoy Rossiya tutgan yo’ldan yurishi mumkinligi haqida aniq bir gap aytish qiyin, deydi Kebastan.

Sharqiy Xitoy dengizidagi odam yashamaydigan Senkaku orollari yuzasidan Xitoy imkoniyatlari cheklangan. Hozir bu hudud Yaponiya nazorati ostida. Unga o’z odamlarini joylashtirish haqida Xitoyning avvalgi urinishlari samarasiz yakunlangan.

Pekin Xalqaro tadqiqotlar universiteti professori Si Tao fikricha, agar Xitoy hukumati orollarga baliqchilarni joylashtirib, ular yordamida hudud ustidan o’z hukmronligini o’rnatishga urinsa, xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga duchor bo’ladi.

“Orollar odamzot uzoq vaqt yashashi uchun qulay joy emasligini hamma yaxshi biladi. Agar bu amalga oshadigan bo’lsa, uning Xitoy tomonidan qo’yiladigan tuzoq bo’lishi shubhasiz. Natijada Pekin xaqaro tanqid va ayblovlarga uchraydi”, - deydi siyosatshunos Si Tao.

AQSh Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi hududiy nizolarda hech bir tarafning yonini olmasligi haqida aytadi. Ammo Vashingtonning mintaqa davlatlari bilan diplomatik, iqtisodiy, siyosiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirayotgani Xitoyni bezovta qilmoqda.

AQShning Osiyoga e’tiborni oshirayotganini ayrim tahlilchilar Xitoyni jilovlashga qaratilgan siyosat sifatida talqin qilmoqda. Shuningdek, Vashingtoning bu xatti-harakati mintaqa davlatlarining Xitoyga qarshi jur’atini oshirib, nizolarning kuchayishiga hissa qo’shmoqda, deydi ular.

Prezident Obamaning Osiyo safari boshlanishidan bir necha kun avval Yaponiya Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli orol yaqinida harbiylar sonini oshirishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Xitoy nizolarni tinch yo’l bilan hal qilish niyatida ekanini aytib, Yaponiyani mojaroga harbiy tus berishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Obamaning to’rt mamlakatni o’z ichiga qamrab oluvchi Osiyo safarida Yaponiya birinchi manzil bo’ladi. Shundan so’ng AQSh rahbari Janubiy Koreya hamda Pekin bilan hudud talashayotgan yana ikki davlat – Filippin va Malayziyaga tashrif buyuradi.

Siyosiy tahlilchi Si Taoning aytishicha, Pekin Obamaning Osiyo safarini yaqindan kuzatadi. AQSh mintaqada tinchlik o’rnatish bo’yicha vositachilik qiladimi yoki Xitoyni yomonotliqqa chiqarish bilan shug’ullanadimi, Pekin shunga e’tibor beradi, deydi u.

“Obama bu yerga Xitoyni jilovlash uchun kelmayotganini ko’rsatadi, deb umid qilaman”, - deydi Si Tao.

Obamaning Malayziyaga safari muhim ahamiyatga ega. Xitoyga yo’l olgan Malayziya havo yo’llarining g’oyib bo’lishi ortidan Pekin va Kuala-Lumpur o’rtasida sovuqlik kuchaygan bir paytda qariyb 50 yillik tanaffusdan so’ng AQSh rahbari ilk bor bu davlatga tashrif buyurmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG