Breaking News

Xitoy AQSh iqtisodiy choralarini qoralamoqda


Xitoy AQSh iqtisodiy choralarini qoralamoqda
Xitoy AQSh iqtisodiy choralarini qoralamoqda

Xitoy Qo'shma Shtatlarni unga qarshi iqtisodiy chora ko'rmaslikka chaqirmoqda. Aks holda oqibatlari yomon bo'ladi, deydi Pekin rasmiylari.

Amerika Senati Xitoyni milliy valyutasi yuan qiymatini nazorat etayotganlikda ayblab, kecha qonun loyihasini qabul qilgan.

Unga ko'ra, bunday amaliyotga qo'l urgan davlatlar mahsulotlariga tariflar qo'yiladi. Xitoy Qo'shma Shtatlarni proteksionizmda va shu tariqa savdo qoidalarini buzayotganlikda ayblamoqda.

Hujjat endilikda Vakillar Palatasiga yuboriladi. U yerdan o'tsa, prezident Obamaga imzo uchun taqdim etiladi. Qonun loyihasi ortida demokrat senator Charlz Shumer turibdi.

Uning aytishicha, Xitoyning bunday amaliyotiga chek qo'yilmasa, Amerika eksport salohiyati zarar ko'rib, ishsiz amerikaliklar soni oshadi.

"Davlat sifatida oyoqqa tura olmaymiz, bu juda ham jiddiy masala", - deydi Nyu-York shtatidan saylangan qonunchi.

Respublikachi senatorlar ham loyihani qo'llab-quvvatlamoqda. Janubiy Karolina vakili Lindsi Grexem Xitoyni g'irrom iqtisodiy amaliyotda ayblamoqda.

"Men Amerika mehnatkashlarini himoya qilishni o'z zimmamga olganman. Xitoy bizdan mehnatkashroq, bizdan samaraliroq emas. Ular shunchaki intellektual mulkimizni o'g'irlab, o'z valyutasi qiymatini sun'iy ravishda boshqarib, xususiy sanoatini moliyalamoqda. Bunga chek qo'yadigan vaqt keldi", - deydi Grexem.

Ammo barcha qonunchilar ham bu chorani qo'llab-quvvatlayotgani yo'q. Ular nazarida Xitoy javob chorasini ko'rsa, iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Amerika yanada og'ir ahvolga tushadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG