Xitoy harbiy delegatsiyasi Vashingtonda, Pentagon va bazalarni ko’zdan kechiradi

  • Amerika Ovozi

General Chen Bingde bugun Kongress a’zolari bilan ko’rishadi.Davlat kotibasi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts bilan ham uchrashuv rejalangan. So’ng general Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetida so’zlaydi

General Chen Bingde bugun Kongress a’zolari bilan ko’rishadi.Davlat kotibasi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts bilan ham uchrashuv rejalangan. So’ng general Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetida so’zlaydi

AQSh-Xitoy aloqalari tarang bir pallada ikki davlat harbiylari Vashingtonda uchrashmoqda. Bir haftalik muzokara davomida Xitoy tomoni Pentagonda, qator harbiy bazalarda bo’ladi.

Xitoy armiyasi bosh shtabi rahbari, general Chen Bingde delegatsiyani boshqarmoqda. Bu – oxirgi yetti yilda ilk tashrif. General Bingde kecha AQSh admirali Maykl Mullen bilan gaplashgan.

Mehmonlarni o’z bazalariga kiritar ekan, Qo’shma Shtatlar kelgusida Xitoydan ham ayni qadamlar kutmoqda.

Tahlilchilar bu muloqotni rejalash va o’tkazish har ikki tomondan kuch va iroda talab qilganini aytadi.

“Aloqalar omonat”, - deydi ekspert Jonatan Pollak. “Onda-sonda bir o’tadigan ushrashuvdan imkon qadar foydalanib qolish kerak”.

Bu ikki qudratli davlat mudofaa tizimlari o’rtasida muloqot o’tgan yili to’xtab qolgan edi. Sabab - Qo’shma Shtatlar Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb bilgan orol davlatga qiymati 6 milliard dollarlik qurol, jumladan, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi va Apache hujumkor vertolyotlari sotgan.

Amerika rasmiylari “shu orqali Sharqiy Osiyoda tinchlik va muvozanatni ta’minlashga, Xitoy agressiyasini tiyishga hissa qo’shayapmiz”, deydi.

Muzokarada AQSh qo’llab-quvvatloviga tayangan Tayvan masalasi alohida tilga olinishi kutilmoqda.

Umuman, Xitoy nazarida Amerika bilan muloqotga to’g’anoq bo’layotgan omillar quyidagicha: Tayvan-AQSh harbiy savdosi, Xitoy nazorati ostidagi hududlar borasida tortishuv va Qo’shma Shtatlar savdo bobida joriy etgan cheklovlar.

Janubiy Koreya va Yaponiyada joylashgan Amerika harbiy bazalarini ham rasmiy Pekin tahdid deb biladi.

Amerika esa Xitoy qurolli kuchlari, arsenali yil-sayin kuchga to’lib borayotganidan, bu jarayon imi-jimida amalga oshirilayotganidan xavotirda.

Janubiy Xitoy dengizi ham o’rtada talash. Qo’shma Shtatlar hududni xalqaro desa, rasmiy Pekin dengiz uniki ekanini da’vo qiladi va harbiy kemalar qatnoviga qarshilik bildirib keladi.

2009 yilda Xitoy kemalari AQShga qarashli ilmiy-tadqiqot kemasining iziga tushib, Janubiy Xitoy dengizidan siqib chiqarishga uringan.

Rasmiy Pekin izohicha, uning sarhadlari buzilgan, biroq Qo’shma Shtatlar dahlsiz territoriyada izlanish olib borilgan, deydi. Bu ziddiyatdan keyin aloqalar yanada taranglashgan.

Yil boshida esa Mudofaa vaziri Robert Geytsning Pekinga safari chog’ida Xitoy J-20 rusumli, radarda ko’rinmas zamonaviy qiruvchi samolyotni sinovdan o’tkazgan edi.

Taxminlarga ko’ra, bu sinovdan prezident Xu Tzintao va uning safdoshlari bexabar bo’lgan. Voqea rasmiy Pekin zaif ekan, qurolli kuchlarga so’zi o’tmas ekan, degan xavotirni uyg’otgan.

Mana shular fonida Xitoy harbiy delegatsiyasi safari murosaga qaratilgan. General Chen Bingde bugun Kongress a’zolari bilan ko’rishadi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts bilan ham uchrashuv rejalangan. So’ng general Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetida so’zlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG