AQSh va Xitoy harbiy sohada hamkorlikka qodirmi?


AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeyglning Xitoyga tashrifi ikki mamlakat o’rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirildi. Ammo Vashington va Pekin o’rtasidagi kelishmovchiliklar borgan sari ko’payib bormoqda. Bu tashrif davomida ham ko’zga tashlandi.
Mudofaa vaziri Chak Xeyglning Xitoyga qilgan ilk tashrifi do’stona ruhdagi uchrashuvlarga boy bo’ldi. AQSh rasmiysi Xitoyning yagona avianosetsini ko’zdan kechirish bilan birga mamlakat prezidenti Si Zinpin bilan ham uchrashdi. Ammo muloqotlarda tomonlar kelisha olmaydigan bahsli hududlar mavzusi ham tilga olindi.

Xeygl Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlarni Xitoy havo mudofaa zonasiga kiritish haqidagi o’tgan yilgi qarorga keskin munosabat bildirdi.

“Har bir davlat havo mudofaa hududini barpo etish huquqiga ega. Ammo buni boshqalar bilan maslahatlashmasdan, o’z holicha amalga oshirishga haqqi yo’q. Bu ziddiyatga, tushunmovchiliklarga va natijada o’ta xavfli ixtilofga olib boradi”, - dedi Xeygl.

Xitoy Mudofaa vaziri Chan Vansyuan Xitoy bahsli hududlarga egalik da’vosidan aslo voz kechmasligini ta’kidladi.

“Bu masalada biz murosaga bormaymiz. Talablarga bo’yin egmaymiz va savdolashmaymiz. Bu bizning qat’iy qarorimiz”, - dedi u.

Xitoyning Milliy mudofaa universiteti kursantlari oldida so’zlagan Chak Xeygl o’zaro tushunmovchiliklarga barham berishning eng afzal yo’li oshkora siyosat ekaniga urg’u berdi.

Rasmiy Pekin mintaqadagi hududiy mojarolarda AQShni Xitoyga qarshi siyosat olib borayotganlikda ayblaydi.

Vashington esa Pekin qudratini cheklash niyati yo’qligini aytadi. Ammo Brukings tadqiqotlar instituti tahlilchisi Jonatan Pollakka ko’ra, AQSh mintaqadagi munozaralarda o’z qarashini ochiq va keskin ifoda etmoqda.

“Bir tomondan AQSh rasmiylari ikki mamlakat o’rtasidagi harbiy aloqalarni yaxshilash haqida muntazam aytib kelayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan mintaqadagi bahsli mavzularda Xitoy manfaatlariga zid qarashlarni olg’a surishda davom etyapmiz”, - deydi u.

So’nggi yillarda ikki davlat harbiylari o’rtasida munosabatlarni kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xeygl va Xitoyning hozirgi mudofaa vaziri uch marta uchrashdi. O’tgan yildan beri har ikki mamlakat askarlari birgalikda harbiy mashg’ulotlar o’tkazib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG