Badavlat xitoyliklar AQShda yashashni orzu qiladi

  • Amerika Ovozi

2014-yilda xitoyliklar orasida birinchi bo'lib AQShning 10 yillik vizani olgan Xitoy fuqarosi Yan Bo AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan.

2014-yilda xitoyliklar orasida birinchi bo'lib AQShning 10 yillik vizani olgan Xitoy fuqarosi Yan Bo AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan.

AQSh biznes vizasini olishni istagan badavlat xitoyliklar shunchalik ko’payib ketdiki, ariza berganlar 2-3 yil navbatda kutishi kerak. Aksariyati nafaqat Amerika iqtisodiga sarmoya kiritish va bu yerda ishlash, balki kelajakda AQSh fuqaroligini olishni ko’zlaydi.

AQSh sarmoya vizasini olish Xitoyning badavlat odamlari uchun asosiy maqsadga aylanmoqda.

1990-yilda Kongress EB-5 viza dasturini ta’sis etgan edi. Unga ko’ra, xorijlik tadbirkorlar AQSh iqtisodiga sarmoya kiritib, bu mamlakatda yashash va ishlash huquqiga ega bo’lishi mumkin. Bu yo’lni tanlagan tadbirkor oila a’zosi yoki ish orqali viza olishni rejalayotganlardan farqli ravishda yillab navbat kutib o’tirmaydi.

Bu turdagi vizani olmoqchi bo’lganlar Amerikada 10 ta ish joyi yaratadigan yoki saqlab qoladigan biznesga sarmoya kiritishi kerak. Kamida bir million dollar sarmoya kiritish lozim. Ishsizlik baland bo’lgan ayrim hududlarda 500 ming dollar kifoya. Shunday qilgan tadbirkor grin karta oladi.

Vizaning bu turi 24 yildan beri beriladi, ammo yil davomida arizachilar soni 10 mingga yetmagan edi. 2014-yilda vaziyat o’zgardi - biznes-vizani so’rab ariza topshirgan Xitoy fuqarolari keskin ko’paydi. Berilgan vizalarning 85 foizini ham aynan xitoyliklar oldi.

Bernard Vulfsdorf Los-Anjelesdagi “Vulfsdorf immigratsiya huquqi guruhi” asoschisi.

“Xitoyda badavlat odamlar soni keskin ko’paygan. Hech bir mamlakatda bunday holat kuzatilmagan. Hamma ham grin karta uchun yarim million dollar pul berolmaydi, faqat xitoyliklar bunga qodir”, - deydi Vulfsdorf.

2015-yilda ham ko’plab xitoyliklar viza olish uchun ariza topshirgan. Bunga javoban Vashington rasmiylari shu oyda yangi qaror qabul qildi. Unga kora, faqat 2013-yil 1-mayigacha ariza topshirgan xitoylik sarmoyadorlarning ishi ko’rib chiqiladi. Gonkong, Tayvan va Makau fuqarolari bundan mustasno.

Arizalarning ko’payishi sabablari sirasida Xitoyda ekologik vaziyatning yomonlashishi, siyosiy erkinliklarning cheklanishi hamda Amerika universitetlarida yaxshi ta’lim olish imkoniyatlarini aytib o’tish mumkin.

Gonkongda immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi advokat Jan-Fransua Arvi ko’plar AQShga “Amerika orzusi”ni deb borishni istaydi, deydi.

“Biz, advokatlar, dunyo bo’ylab Amerika orzusi tushunchasi hanuz naqadar kuchli ekaniga har kuni guvoh bo’lamiz. Ayrim mijozlarimizning farzandlari AQShning eng zo’r universitetlarida tahsil olayotgan bo’lsa-da, ularning o’zi ham Amerikaga kelishni istaydi”, - deydi u.

Amerika shaharlari badavlat xitoylik sarmoyadorlarning kelishidan foyda ko’radi. Mamlakatga milliardlab dollar mablag’ keltirilgan. Iqtisod uchun, ayniqsa kambag’al hududlar uchun bu, albatta, foyda. Ayrim uy-joy qurish loyihalari uchun mablag’ni EB-5 vizasi egalari bergan. Tanqidchilar dastur doirasida viza boyvachchalarga sotilayotgani, iqtisod uchun katta foyda yo’qligini aytadi.

Shunga qaramay, Brukings tadqiqotlar institutidan Odri Singerga ko’ra, Amerika shaharlari orasida badavlat xitoylik sarmoyadorlarni jalb qilish uchun raqobat katta.

“Eng qizig’i, mintaqaviy markazlar ko’paygan. Ular EB-5 viza dasturi doirasida sarmoyadorlar mablag’ini to’playdi va turli loyihalarga kiritadi. Men bu masalani o’rgana boshlaganimda 200 ta markaz bor edi. Bundan besh yil avval 10-15 ta edi. Endi esa 600 tadan ko’p”, - deydi Singer.

AQSh biznes vizasini olmoqchi bo’lgan xitoyliklar endi ikki yil navbatda kutishi kerak. Barcha mamlakatlardan olingan arizalar soni 13 000 taga teng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG