Xitoy Amerika bilan aloqalar yaxshilanishidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Pekin Amerikani yana buyuk davlat qilishda qo'lidan kelganicha yordam berishini aytmoqda. Suratda Xitoy rahbari Si Zinpin Vashingtonga 2015-yil, 25-sentabr safari paytida.

Amerika rahbari Donald Tramp va Xitoy Prezidenti Si Zinpin shu hafta Floridada birinchi bor yuzma-yuz ko'rishishi kutilayapti. Amerikaning Xitoy bilan savdo kamomadi oshib borar ekan, Tramp uchrashuvda bu mavzu ziddiyatga sabab bo'lishi aniq, deydi.

Savdo defitsiti va buning oqibatida Amerikadan millionlab ish o'rinlari Xitoyga ko'chishi, Shimoliy Koreya va Janubiy Xitoy dengizida Pekin olib borayotgan agressiv siyosat kabi bahsli mavzuga qaramay, Xitoy bu muloqot o'rtadagi tanglikka barham beradi, deya umidvor.

Oxirgi o'n yilda to'qimachilik, elektronika, qishloq xo'jaligi, quruvchilik va boshqa sohalarda millionlab ish o'rinlari Xitoyga boy berilgan. Shuningdek, AQSh o'tgan yili Xitoyga 116 milliard dollarlik mahsulot sotgan. Pekin esa Amerikaga 463 milliard dollarlik tovarni yetkazgan. Buning oqibatida ikki davlat savdo kamomadi 347 milliard dollarni tashkil etgan.

Uchrashuvdan bir necha kun oldin Prezident Tramp savdo kamomadiga qarshi choralar va noxolis savdo amaliyotlarini jazolashga doir ikki farmonga imzo chekkan edi.

Qarorlarda Xitoy to'g'ridan-to'g'ri tilga olinmaydi. Ammo prezident avvalroq "Tvitterda" Xitoyning savdo amaliyotlari borasida tanqidiy chiqishlar qilgan edi.

Pekin esa Amerikani yana buyuk davlat qilishda qo'lidan kelganicha yordam berishini aytmoqda. Xitoy savdoda ataylab g'irromlik qilayotganini rad etadi.

"Xitoy chet el, xususan, Amerika mahsuloti va xizmatlariga talabni oshirib boradi", - deydi Zen Zeguan, Xitoy Tashqi ishlar vaziri muovini. "Oxirgi yillarda Xitoy Qo'shma Shtatlarga sarmoyani muntazam oshirib borayotgani ham haqiqat", - deydi u.

Tramp ma'muriyati esa Shimoliy Koreya bo'ladimi yoki savdo, aniq natijalar kutmoqda.

"Mana chorak asrdirki, Xitoy Shimoliy Koreyaning xatti-harakatlaridan xavotirda ekanini aytib keladi, lekin aniq chora ko'rayotgani yo'q. Tramp ma'muriyati Pekinda konkret qadamlar kutib qoladi va buning uchun Xitoyni muntazam savolga tutadi", - deydi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG