Shinjonda xavfsizlik choralari kuchaytirildi

  • Amerika Ovozi

Xitoy hukumati qonli olishuvlar ketidan Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida xavfsizlik choralarini oshirmoqda.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi mulozimi Meng Jianju shanba kuni Urumchiga borib, patrul sonini oshirishni buyurgan.

O’tgan hafta bir necha kishi hududdagi politsiya mahkamasi, hukumat idoralari va qurilish zonasiga hujum qilib, natijada 27 kishi halok bo’lgan.

Sinxua axborot agentligi xabariga ko’ra, o’lganlardan to’qqiz nafari politsiyachi, sakkiz nafari oddiy fuqarolar. Huquq-tartibot xodimlari hujumchilardan 10 kishini o’ldirgani aytiladi.

Rasmiy matbuot voqea ortidagi sabablarni izohlamaydi, biroq Xitoy rahbariyati zo’ravonlik va ziddiyatlarda Sharqiy Turkiston islomiy harakatiga a’zo uyg’ur terrorchilarini ayblab keladi.

Surgundagi uyg’ur faollarining aytishicha, to’qnashuvlar aslida rasmiy Pekinning zolim siyosati, ozchilik elatlarni chiqishtirmaslik siyosati mahsulidir.

Faollar talqinicha, xitoy va uyg’urlar o’rtasida yer talashish to’qnashuvlarga turtki bergan bo’lishi mumkin.

Erkin Osiyo Radiosida uzatilgan hisobotga ko’ra, mahalliy rasmiylar uyg’ur dehqonlardan yerni tortib olishga harakat qilmoqda va ba’zida elektr tozi va suvni uzib qo’yish kabi choralarni qo’llamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG