Uyg'ur faoli: Pekin Shinjondagi qotilliklarni yashirmoqda

  • Amerika Ovozi

Uyg'ur oilasi askarlar yonidan o'tayapti. Qashqar, Shinjon Uyg'ur muxtoriyati.

Uyg'ur oilasi askarlar yonidan o'tayapti. Qashqar, Shinjon Uyg'ur muxtoriyati.

Uyg'ur faoli Xitoyni o'tgan hafta Shinjondagi reyd paytida sodir etilgan qotilliklarni yashirayotganlikda ayblayapti.

Rasmiy matbuot talqiniga ko'ra, regionda terrorchilarga qarshi amaliyot o'tkazilgan. Qashqar shahridagi bu reydda o'lgan politsiyachi xotirasiga shu hafta alohida marosim o'tishi rejalangan, deya yozadi davlat nashrlari.

Operatsiya davomida uyg'urlar ham o'lganmi, hibsdagilar orasida musulmonlar bormi - bu savollarni hukumat javobsiz qoldirayapti.

Uyg'ur-Amerika Uyushmasi prezidenti Olif Seytoffning "Amerika Ovozi" Xitoy xizmatiga aytishicha, rasmiy Pekin voqea tafsilotlarini atayin yashirayapti.

"Xitoy politsiyasi diniy ilm va namoz bilan band bir guruh insonlarga qarata o't ochib, kamida 22 kishini o'ldirgan. To'rt-besh odam qamoqqa olingan. Hukumat barini boricha aytmay, sir tutishni ma'qul topgan. Xalqaro matbuot hodisadan xabar topganidan keyingina mahalliy ommaviy axborot vositalari ham bunga e'tibor bera boshladi. Ammo har doimgidek, o'lganlarni terrorchi deya ta'riflayapti matbuot", - deydi Seytoff.

Uning so'zlarini mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, ammo "Erkin Osiyo" radiosi ham 22 uyg'urning o'limi haqida xabar berayapti.

Oy boshida hukumat Qashqarda terrorchilik aybi bilan ikki kishi o'limga, uch nafari qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular aprel oxiridagi olishuvlarda aloqador topildi. O'shanda 21 kishi jon bergan edi.

Pekin izohicha, radikal musulmon guruhlar mintaqa xavfsizligi uchun tahdiddir.

Shinjonda yashovchi millionlab uyg'urlar esa diniy va madaniy erkinligi, huquqlari oyog'osti qilinayotganidan shikoyat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG