Breaking News
Din

Ro'za oyida Shinjonda nazorat kuchli


Qashg'arda Ramazon, Shinjon.
Qashg'arda Ramazon, Shinjon.
Xitoy rahbariyati Ramazon oyida Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida nazoratni kuchaytirgan. Hukumat qaroriga ko’ra, Kommunistik partiya a’zolari, davlat ishchilari, talaba va muallimlar diniy marosimlarda qatnasha olmaydi.

Ma’muriyat fuqarolar salomatligi haqida qayg’urayotganini da’vo qilmoqda. Odamlar ish va o’qishda to’yib ovqatlanishi kerak, deydi rasmiylar.

Uyg’ur olimi, Pekindagi Minzu Universitetidan Ilhom To’xti nazarida bular dinni ta’qib qilishdan boshqa narsa emas.



“Dinni va din ahlini siqishda bugungi rahbarlar ortiqcha o’ylanib, pachakilashib o’tirayotgani yo’q”, - deydi u.

2009-yilda mintaqada uyg’ur va xitoylar orasida qonli olishuvlar kuzatilgan edi. Mojaro, rasmiy hisoblarga ko’ra, taxminan 200 odamni hayotdan olib ketgan. Pekin nazarida, Shinjondagi norozilik - separatizm va diniy cheklovlar - ektremizm va terrorizmning oldini olish uchun zarur choralar.

Yevropada asoslangan Jahon Uyg’urlari Kongressi vakili Dilshod Rashidning “Amerika Ovozi” ga aytishicha, ro’za paytida Shinjonda masjidlar ustidan nazorat kuchaygan, davlat ruxsatisiz chop etilgan diniy adabiyotni izlab xonadonlar tintuv qilinmoqda, masjidlarda kommunistik partiya vakillari bilan majlislar o’tkazishga ko’rsatma berilgan.

Xitoy konstitutsiyasi diniy erkinlikni kafolatlaydi. 1984-yildan e’tiboran esa Shinjon kabi muxtor viloyatlarga o’zini qisman boshqarish, siyosiy va iqtisodiy qarorlar qabul qilish erki berilgan. Lekin bu qonunlarga to’liq amal qilinmaydi.

Ilhom To’xti deydiki, rasmiy Pekinning asl niyati Shinjonda ozchilikdagi elatlar madaniyati va dinini yo’q qilishdir.

“Ateizm dinni rad etadi, qoloqlik deb ko’radi”, - deydi To’xti. “Shinjonda e’tiqod qilayotgan aholi ham bid’atda tanqid qilinib, zamondan orqada qolganlikda ayblanadi”, - deydi u.
Dinni va din ahlini siqishda bugungi rahbarlar ortiqcha o’ylanib, pachakilashib o’tirayotgani yo’q.

O’tgan oy 20 uyg’ur internetda zo’ravonlik va separatizmni targ’ib qilganlikda aybdor topilib, 15 yilgacha ozodlikda mahrum etilgan. Sud da’vosicha, ular portlovchi moslamalar yasagan.

Xitoy Shinjondagi to’polonlarda Pokistonda mashq olgan uyg’urlarni ayblaydi. O’tgan yili Qashg’ar va Xo’tandagi hujumlar 40 kishini hayotdan olib ketgan, mahalliy mutasaddilar bunda Shinjon va Pokistondagi ektremist guruhlarning qo’lida bor, degan edi.

Xitoy ozchilikdagi elatlar e’tirozini yumshatish uchun taraqqiyot va qurilishga e’tibor qaratmoqda. Lekin sarmoya va xitoylar oqimi mintaqada g’azab hissini avj oldirmoqda.

Ilhom To’xti fikricha, agar hukumat xalqning shikoyati, dardiga quloq solmasa, bu norozilik qondirilmasa, Shinjon kabi hududlar ahli tobora radikallashib boraveradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG