Breaking News

Xitoy: Shinjonda terrorchilar haqida ma’lumot ulashganga mukofot


Xitoy hukumati Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida xavfsizlik choralariga zo’r bermoqda.

O’tgan hafta mintaqadagi to’qnashuvlar 35 kishini hayotdan olib ketgan edi.

Shinjon ma’muriyati, xususan, terror xurujlarining oldini olishga yordam bergan kishiga, bu haqda axborot ulashganga 16 ming dollargacha (100 ming yuan) mukofot va’da qilayapti.

Xitoyning bildirishicha, o’tgan hafta Lukqun shahridagi politsiya mahkamasi, davlat idoralari va qurilish ketayotgan hududga hujum qilganlar – diniy ektremistlar va ayirmachilar.

Voqea ketidan hukumat regionda kunu tun politsiya patrulini ishga solgan.

2009-yilning 5-iyulida Urumchida elatlar o’rtasida ro’y bergan xunrezlikning to’rt yilligi yaqinlashar ekan, Shinjon shundoq ham huquq-tartibot xodimlariga to’la.

O’shanda uyg’urlar va xitoylar janjalida salkam 200 odam nobud bo’lgan edi.

Rasmiy Pekin muxtoriyatdagi to’polonlarda uyg’ur terrorchilarini ayblab keladi.

Uyg’ur faollari esa ozchilik bu elatning dini, madaniyati, tili tahqirlanayotganidan shikoyat qiladi va g’alayonlar Xitoy hukumatining shafqatsiz siyosatiga javobdir, deydi.

2009-yilgi voqealardan keyin davlat mintaqaga sarmoyani oshirib, ozchilik xalqlar turmushini yaxshilashga va milliy ziddiyatni yumshatishga diqqat qaratdi.

Londondagi Royal United Services instituti olimi Rafaello Pantucchining aytishicha, so'nggi janjallar investitsiya samara bermaganidan nishona.

"Shinjonga borsangiz, o'tgan yili o'zim guvoh bo'ldim, Qashqar va Toshqo'rg'on kabi shaharlarda qurilishlar keng ko'lamda amalga oshirilayapti. Bu iqtisodiy sa'y-harakatlar natija bermayotgani Xitoyni asabiylashtirayotgani tabiiy", - deydi tahlilchi.

Lekin Pekin mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilayotgani, talablarini qondirayotganini ta'kidlaydi. Xitoydagi Ozchilik elatlar universiteti professori Yang Shenmin so'zlariga ko'ra, hukumatdan norozilar sanoqli.

"Xalqlar turmushi tezda rivojlanib borayapti va xitoylar bilan oradagi farq tobora qisqarmoqda", - deydi u. "Kimdir e'tiroz bildirishi tabiiy, hammaning ko'nglini topish qiyin".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG