Xitoyning migratsiya siyosati uyg’urlar orasida norozilikni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Shinjon-uyg’ur viloyatida 20 kishining hayotiga zomin bo’lgan hujumlarga hukumatning migratsiya siyosati sababchi bo’lishi mumkin.

Musulmonlar yashovchi hududga xitoylar katta sonda ko’chib kelayotgani norozilikni oshirmoqda, deydi mahalliy aholi vakillari.

28-fevral kuni Qashg’ar yaqinidagi Yechen tumani, uyg’urlar Kargilik deb ataydigan hududda nima ro’y bergani haqida aniq ma’lumot topish qiyin. Rasmiylar faqatgina tergov ketayotganini aytadi.

Turli manbalarga ko’ra, gavjum ko’chada bir guruh uyg’ur yoshlari pichoq bilan xitoylarga hujum qilib, 5 kishini o’ldirgan. Politsiya voqea joyiga yetib kelgach, otishma boshlangan. Yetti kishi o’lgani va bir necha uyg’ur hibsga olingani haqida xabarlar bor.

Mahalliy aholi bu haqda gapirishdan cho’chiydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xurujda bo’lginchi va terrorchilarni aybladi. Rasmiy bayonotlarga qaraganda, Yechen tumanida o’lganlarning 7 nafari politsiyachi.

Xorijdagi uyg’ur faollarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy hukumati “terrorchi” va “bo’lginchi” degan so’zlarni qo’llaganida xulosa qilishga shoshmaslik kerak. Bunday da’volar tez-tez yangrab turadi.

Olim Seytoff - Vashingtonda joylashgan Amerika-Uyg’ur Uyushmasi bosh kotibi.

“Hukumat yuborgan maxsus kuchlar aynan uyg’urlarni, musulmonlarni nishonga olishi, mayda millatlarni ezib mintaqani xitoylashtirish siyosati olib borilayotgani sir emas. Ziddiyatlar shundan kelib chiqadi”, - deydi u.

Olim Seytoff uyg’urlar al-Qoida singari terror tashkilotlari bilan aloqada ekani haqidagi hukumat da’volarini qat’iyan rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG