Madaniy inqilob, Xitoy tarixining qonli sahifalari

  • Amerika Ovozi

Inqilob muallifi, marhum Mao Tzedun mamlakatda hamon dohiy, tanqiddan xoli siymo sanaladi. Lekin oxirgi yillarda mash’um davr haqida ochiq-oydin gapirayotganlar soni oshib borayapti.

Inqilob muallifi, marhum Mao Tzedun mamlakatda hamon dohiy, tanqiddan xoli siymo sanaladi. Lekin oxirgi yillarda mash’um davr haqida ochiq-oydin gapirayotganlar soni oshib borayapti.

Xitoyda Madaniy inqilobning yakun topganiga 40 yil to’lar ekan, o’sha davr haqida tobora ko’proq ayanchli xotiralar qo’zg’almoqda. Ayrimlar bir necha o’n yillik sukutni buzib, jamoatchilikdan kechirim so’rashga o’tgan.

Inqilob muallifi, marhum Mao Tzedun mamlakatda hamon dohiy, tanqiddan xoli siymo sanaladi. Lekin oxirgi yillarda mash’um davr haqida ochiq-oydin gapirayotganlar soni oshib borayapti.


Ayrim suhbat va mulohazalar matbuotda ham chop etildi. Inqilob paytida jabr tortgan va birovga azob berganlar uchun bu voqealar huddi kecha bo’lib o’tganday.

“Muallim, kechiring meni”

Ana shunday memuarlardan biri 2010-yilda Xitoy matbuotida e’lon qilindi va unda talaba muallimdan kechirim so’radi.
Chen Bi bugun 90 yoshda. Nafaqadagi o’qituvchi uzoq yillar Pekin Chet tillari institutida ishlagan.

1966-yilning avgusti. Mao Tzedun muallim, ziyoli, ota-ona va, umuman, kattalarga bo’ysunmang, deya yoshlarni isyonga chorlar ekan, talabalar o’qituvchi ayolni ayovsiz xo’rlagan.

“Shafqatsizlarcha munosabatda bo’lishdi, qo’rqinchli bir davr edi”, - deydi murabbiy.

Talabalardan biri Shen Syaoke atigi 17 yoshda edi. Darslar bekor qilinib, dahshatli siyosiy quvg’in boshlandi, deya eslaydi u.

“Talabalar kim haqiqiy inqilobchi ekanini ko’rsatish uchun bellashar edi. Birovga azob bermasangiz, o’ngchi, begonaga chiqarishar edi sizni. Shu sababli, yuvosh kishilar ham yaqinlariga qo’l ko’tarishga majbur bo’lgan”, - deydi Shen.

Jamoat yig’inlarida Shenning kursdorshlari muallimlardan yuz o’girib, behurmat qilgan. Ta’qib va siquv shu qadar zolimona tus olganki, institut ma’muriyatining ikki xodimi o’z joniga qasd qilgan. Shenning aytishicha, o’shanda jabr ko’rgan insonlarning hammasi beayb edi.

“Yaxshi odamlar edi, lekin ularni qiynashdi, kaltaklashdi, izzat-nafsiga tegib yer qilishdi. O’zim birovga azob bergan emasman, lekin bu voqealarga guvoh bo’lganimdan afsusdaman”, - deydi Shen.

2010-yilda sobiq talaba vijdonini poklash uchun murabbiy ayol Chen Bidan o’zi va kursdoshlari nomidan kechirim so’rab, xatni matbuotda e’lon qildi.

“Xato qilganmiz, o’qituvchimizdan uzr so’rashimiz lozim”, - deydi u.

“Qizil gvardiyachi”ning afsusi

Oradan ko’p o’tmay, “Qizil gvardiyachilar” nomi bilan tanilgan otryad sobiq vakili o’xshash murojaat bilan chiqdi.

Madaniy inqilob haqidagi teleko’rsatuvda qatnashgan Jang Xonbin xotiralari bilan o’rtoqlashdi.

1970-yilda Qizil Gvardiyachi bo’lib yollangan talaba onasini Mao Tzedunni yomonlagani uchun rasmiylar qo’liga topshirgan. Politsiya onamni do’pposlab, hibsga olishini chetda tomosha qilib turdim, deydi u. Oradan bir necha oy o’tib, ayol kontr-revolyutsion faoliyatda ayblanib, qatl etilgan.

Qizil Gvardiyachilar gazetasida ishlagan Li Bin ham bugun xalqdan uzr so’ramoqda.

“Zulmni propaganda qilgan tuzum qo’lida qurolga aylanib qolgan edim. Buyurtmaga inqilobiy suratlar chizar edim”, - deya eslaydi u.

Chikago Universiteti domlasi Vang Yukin Madaniy inqilob paytida sodir etilgan jinoyatlarni hujjatllab, yuzlab guvohlardan ko’rsatma oldi.
Ayolning so’zlariga ko’ra, bu xotiralar qanchalik ayanchli bo’lmasin, odamlar dardi bilan o’rtoqlashish uchun o’zida jasorat topa olayapti. Toki bu jinoyatlar ortiq takrorlanmasin, deya niyat qiladi ular.

“Xitoyliklarda bir gap bor – tarix go’yoki bir oyna. O’zimizni oynada ko’ra olsak, xatolarimizni ham to’g’rilay olamiz”, - deydi mutaxassis.

Odamlar dilini yorgani bilan hukumat murakkab o’tmishni muhokama qilmoqchi emas.

Mao Tzedunning o’limidan keyin o’tgan tergov natijasida ayb to’rt kishiga qo’yilgan – Maoning turmush o’rtog’i va yana uch radikal shaxsga. Madaniy inqilob esa siyosiy xato, deya e’lon qilingan. 1980-yillar boshida Xitoy rahnamosi Den Syaopin Maoning siyosatini maqtab, dohiy 70 foiz haq, 30 foiz nohaq edi, degan.

Oxirgi yillarda esa hukumat mavzuni chetlab o’tishni ma’qul topayapti, chunki Maoning yondashuvi Kommunistik partiya mavqeiga ziyon qilishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG