AQSh va Xitoy hamkorlikni oshirishga kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

Oq Uy, Vashington, 19 yanvar 2010

Oq Uy, Vashington, 19 yanvar 2010

Xitoy prezidenti Xu Tzintao bugun Vashingtonda prezident Barak Obama bilan muzokara boshladi.

Omma oldida so’zlar ekan, ikki rahbar AQSh-Xitoy hamkorligi naqadar muhim ekanini eslatdi.

Iqtisodiyot, siyosat, xavfsizlik, Koreya yarimorolidagi vaziyat kabi masalalar kun tartibida.

Obamaning aytishicha, hamkorlikdan har ikki davlat birday manfaatdor. Huquqqa hurmat Qo'shma Shtatlar uchun muhim qadriyatdir, deydi u.

67 yoshli Xu Tzintao "Xitoy huquq bobida olg'a qadam tashlamoqda, ammo oldinda hali qilinadigan ishlar ko'p" deydi.

Oq Uy oldida

Oq Uy oldida

Obama fikricha, Xitoy yuan qiymatini sun'iy ravishda past ushlab turish siyosatini bas qilishi kerak, aks holda o'zaro savdo zarar ko'radi.

"AQSh eksportini 45 milliard dollarga oshirishga doir bitimlar imzoladik", - deydi AQSh rahbari.

Prezident Xu fikricha davlatlar ham iqtisod, ham demokratik taraqqiyot bobida bir-birining qarashlarini hurmat qilishi kera.

Xitoy rahbari ertaga AQSh Kongressi vakillari bilan uchrashib, AQSh-Xitoy Biznes kengashiga murojaat qiladi. So'ng Qo'shma Shtatlardagi eng yirik shaharlardan biri Chikagoga jo'naydi. U yerda ham qator shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Oq Uy oldida bugun yuzlab odam namoyish qilib, Xitoyni repressiv siyosatda ayblagan.

Ular Tibetga mustaqillik berishni, fuqaro huquqini e’zozlashni talab qildi. Shuningdek, erkinlik talab qilib chiqqan uyg’urlarni ham ko’rasiz.

Kongressda respublikachi prezident Obamadan Xitoy rahbari bilan muzokaralarda huquq masalasini ko’tarishni so’ramoqda.

Xu va Obama

Xu va Obama

O’tgan yil oxirida Xitoy faoli, qamoq muddatini o’tayotgan professor Lyu Syaobao Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton o’tgan hafta Xitoy rasmiylariga murojaat qilib, faolni ozod etishga, dunyoning eng qudratli davlati nomiga munosib ish tutishga da’vat etdi.

Xitoy hukumati huquq bobidagi tanqidlarni rad etib, Lyu Syaobaoni jinoyatchini deb biladi.

Iqtisodiy o’sih natijasida millionlab odamlar qashshoqlik domidan qutqarildi, deydi Xitoy rasmiylari.

Xitoy va Amerika ko’p sohalarda turlicha pozitsiyada, xususan iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi qanday chora ko’rish, Shimoliy Koreya atom dasturi, savdo va valyuta nazorati masalasida.

AQShda ishsizlik ko’lami yuqori ekan, ba’zilar bunda qisman Xitoyni ayblab keladi. Prezidentlar o’zaro ishonchni tiklash barobarida aholi kayfiyati bilan ham hisoblashishi kerak

AQSh o’tgan yili Xitoy o’z hududi deb bilgan orol davlat Tayvanga qurol sotdi. Prezident Obama Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamani Oq Uyga taklif qilib, ziyofat bergan edi.

Xitoy global iqtisodiy tanglikdan qaddini rostlab, bugun o’ziga ishonchi ortgan. Harbiy salohiyati ham yil-sayin oshib bormoqda.

Uning atrofidagi mamlakatlar, jumladan Yaponiya, Janubiy Koreya va Vyetnam Amerikaga suyanadi va Xitoy bosimiga qarshi Vashington bilan aloqani mustahkamlashga kirishgan

Oq Uydagi matbuot anjumanida

Oq Uydagi matbuot anjumanida

Prezident, 2012 yilda xizmat muddati tugaydigan Xu Tzintao “Vsahingtonga ishonch, do’stlik va hamkorlik izlab keldim”,- deydi.

Obama ma’muriyati ham Xitoy bilan murosa qilishga bel bog’lagan. Tomonlar Xitoyda yadroviy xavfsizlik markazi ochishga kelishib olgan.

Amerika qonunchilari Xitoyni noxolis savdoda ayblab, tanqid qilib keladi. Xitoyda biznes qiluvchi kompaniyalar byurokratiya va qaroqchilikdan shikoyat qilmoqda.

AQSh Savdo palatasi 346 kompaniya vakillari orasida so’rov o’tkazgan. Ularning uchdan ikki qismi savdoni tartibga soluvchi qonunlar ijrosidan norozi. 70 foizi mualliflik huquqini himoya qilish bobida vaziyat tobora yomonlashib bormoqda, deydi.

Ba’zilar nazarida, mavjud qonunlar Xitoy kompaniyalari manfaatlarini ko’proq himoya qiladi. Biroq kompaniyalar daromad mo’l ekanidan mamnun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG