Breaking News

Politsiya xitoylik muhojirlar bilan bog'lanish yo'lini topdi


Los-Anjeles: Xitoy tili muomalada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Los-Anjeles: Xitoy tili muomalada

Amerikada 2055-yilga borib, osyiyoliklar eng yirik muhojir jamoaga aylanadi. Pyu tadqiqot markazining yangi hisoboti shunday deydi. AQShning ayrim shaharlarida osiyoliklar hozirning o’zida ko’pchilik va aksariyati xitoycha gapiradi.

Shu bois tobora ko’p politsiya idoralari va shaharlar xitoy ijtimoiy tarmoqlari orqali bu muhojirlarga ta’sir qilishga harakat qilayapti.

Osiyodagi oziq-ovqat bozorida yuribmiz dersiz? Los-Anjeles yaqinidagi mahalla bu. San-Gabriel vodiysi deya ataladi va unda xitoy muhojirlari istiqomat qiladi. Yan Yun Yan bilan tanishamiz:

“Bizga o’xshab yoshi kattalar San Gabrielda yashab o’rganganmiz. Xitoydan hech farq qilmaydi”.

San Gabriel shahrida osiyoliklar aholining 60 foizini tashkil etadi. Ko’pi xitoyliklar. Aholi bilan murosa-muomala qilish uchun shahar ma’muriyati xitoycha sayt – Weiboda xabar joylay boshladi.

“Bir kechadayoq 2 ming odam o’qidi xabarlarimizni. Facebook sahifasida bir necha yildan beri bormiz, lekin auditoriyamiz unaqa ko’p emas”, - deydi Loren Gold, shahar mutasaddisi.

Xitoycha internet sahifalariga kirish tashabbusi qo’shni mahalladan chiqdi. Alhambra shahar politsiyasi ikki yil oldin birinchi bo’lib Weibo saytida o’zining hisobini ochdi.

“Weibo saytida Facebook bilan qiyoslaganda, oxirgi ikki yilda uch karra ko’p odamga chiqdik. Facebookda olti yildan beri bormiz”, - deydi Alhambra politsiya idorasidan Jerri Jonson.

Alhambra politsiya mahkamasining Weibo sahifasida hozir 40 ming mushtariy bor. Ko’pi Xitoydan turib o’qib boradi.

2015-yil boshida Alhambra politsiyasi yana bir sayt – WeChat ijtimoiy tarmog’iga kirdi. Politsiyachi Vendi Lining aytishicha, aholi bilan ma’lumot almashishda juda qo’l kelgan tizim bu. Muhojir jamoalar huquq-tartibot idoralariga ishona boshlashida ham buning roli katta, deydi Li:

“Bir immigrant aytgan edi: vatanida politsiya g’irt qaroqchining o’zi ekan. Buning natijasida paydo bo’lgan qarash va xavfsirashni tushunsa bo’ladi”.

Xitoy saytlari orqali chet elda yashayotganlar Amerika haqida ham biladi-o’rganadi.

San Gabriel vodiysida boshqa politsiya mahkamalari ham shu yo’ldan borib, Weibo saytida o’z sahifasini ochdi.

“Atrofdagi ko’p shaharlar, ayniqsa, bizning yonimizda xitoy aholi juda ko’psonli. Facebook va Twitterning o’zi qamrab ololmaydi ularni”, - deydi Loren Gold.

Yaqindan beri AQSh sharqidagi shtatlar ham xitoy ijtimoiy tarmoqlariga kirish haqida o’ylana boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG