Chubarov: Qrim-tatarlar Rossiya repressiyasiga chidab o'tirmaydi


Qrim-tatarlar lideri Refat Chubarov deydiki, BMT qoshida uning elati himoyasi uchun maxsus missiya tuzish kerak.

Qrim-tatarlar lideri Refat Chubarov deydiki, BMT qoshida uning elati himoyasi uchun maxsus missiya tuzish kerak.

Qrim-tatarlar lideri Refat Chubarov deydiki, BMT qoshida uning elati himoyasi uchun maxsus missiya tuzish kerak. Shuningdek, Rossiyaga qarshi choralarni kuchaytirmoq lozim.

Qrim yarimorolida tatarlarga nisbatan tazyiqlar sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalar yanada kuchaytirilishi mumkin. Qrim-tatar Milliy Majlisi bu masalani xalqaro jamoatchilik oldida muhokamaga olib chiqish harakatida.

Yaqinda BMTning tub aholi huquqlari bo’yicha konferensiyasida so'zlagan Milliy Majlis raisi Refat Chubarov qrim-tatarlar himoyasi uchun maxsus missiya tuzishga chaqirdi.

Kiyevda matbuot anjumanida Chubarov yarimorolda qrim-tatarlarga nisbatan ta’qiblar tobora avj olmoqda deydi.

Odamlar turli bayonotlardan charchagan, o’z huquqlarini kafolatlovchi real bir mexanizmni ko’rishni istaydi.

“Biz bu haqda doim gapirib kelamiz, ammo hozirgi vaziyatda qrim-tatarlar muammosi, ularning huquqlarini himoya qilish yanada balandroq darajada muhokamaga chiqishi, xususan Rossiyaga nisbatan joriy etilayotgan sanksiyalarda ham alohida bir mavzu sifatida kiritilishini zarur deb hisoblayapmiz. Rossiya hukumati Qrimdagi fuqarolar huquqini toptash jazosiz qolmasligini aniq bilishi kerak”, - deydi Chubarov.

Qrimda kechgan so’nggi bosimlar ortidan Milliy Majlisga tegishli bir nechta binolar sud tomonidan musodara qilindi. Majlis faollarining uylarida esa tintuvlar o’tkazildi. Qrim-tatar tilidagi bir nechta gazetalar faoliyati to’xtatilgan. Bu elat liderlari Mustafo Jemilev va Refat Chubarov Qrimga kiritilmaydigan shaxslar ro’yxatida.

“Mustafo Jemilevni ham, meni ham Qrimga kiritmaslik qarori bo’yicha biz yuristlar bilan ishlayapmiz. Jemilevning ishi ayni paytda Yevropa sudida, mening ishim ham jo’natilish arafasida turibdi. Bu taqiq biz uchun, bizga ishonib turgan ko’plab odamlar uchun qancahlik og’ir bo’lmasin, muammoning yechimi Qrimga, Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishiga bog’liqligini tushunib turibmiz”, - deydi Chubarov.

Uning fikricha, Rossiyaning maqsadi - Majlis tarkibini rossiyaparast faollar bilan to’ldirish. Ammo bu organ faqatgina yetakchilar, ayrim shaxslardan iborat tashkilot emas.

“Rossiya Qrimda xuddi o’zining boshqa hududlaridagi kabi muhitni joriy etmoqchi. Rossiyada muxoliflik davlatga nisbatan dushmanlik deb ko’riladi. Bunday vaziyatda qrim-tatarlar yagona muxolif kuch sifatida qolmoqda. Qrim hukumati hozir bizning faollardan qutulishga, ularni o’ziga ma’qul odamlarga almashtirishga urinmoqda. Ammo biz bunday tazyiqlarni o’z boshimizdan o’tkazganmiz. Bu narsa avval ham amalga oshmagan, hozir ham amalga oshmaydi”, - deydi Chubarov.

Majlis faoliyati hozir shu qadar cheklanganki, bu organning so’nggi yig’ini internetda “Skype” orqali o’tkazilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG