AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi kiber-xavfsizlikka urg'u bermoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeoning aytishicha, xavfsizlik bilan shug’ullanayotgan davlat idoralari ishini oshkor etish, Edvard Snouden yoki Julian Assanj kabi maxfiy hujjatlarni ovoza qilgan odamlarni ko’kka ko’tarish bu idoralar faoliyatiga zarardir.

"Boshqarmamiz xorijiy raqiblarimiz, dushmanlarimiz, terrorchi tashkilotlar sirlarini o’g’irlash bilan shug’ullanadi. Bundan faxrlanamiz. Razvedka ma’lumotlarini tahlil qilib, muammolar va xavfga to’la bu dunyoda hukumatimizga raqiblarimizning zaif tomonlarini yaxshiroq bilishga yordam beramiz", - deydi Pompeo.

Unga ko’ra, Markaziy razvedka boshqarmasi va shunga o’xshash idoralar amerikaliklarni himoya qilishda qonun doirasidan chiqmaydi, Kongress ruxsatisiz bir ish qilmaydi. Edvard Snouden va Vikiliks asoschisi Julian Assanj Amerika xavfsizligi uchun katta tahdiddir, deydi u.

"Vikiliks raqib razvedka xizmati kabi ishlaydi. U o’z tarafdorlarini maxfiy hujjatlarni qo’lga kiritish maqsadida Markaziy razvedka boshqarmasiga ishga kirishga ilhomlantirdi. Chelsi Menning ana shu tariqa maxfiy ma’lumotni o’g’irladi. Demokratik mamlakatlar va tashkilotlar yordamiga tayangan holda Vikiliks, asosan, AQSh bilan shug’ullanmoqda. Bu guruhni Rossiya kabi mamlakatlar bilan til biriktirib ishlaydigan g’anim razvedkasiga tenglashtirish vaqti keldi”, - deydi Mayk Pompeo.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar kiber-xavfsizlik bobida hali ancha ishlar qilishi kerak.

"Ko’p vaqtimizni kattaroq nishonlarni, davlatlarga aloqador xizmatlarni aniqlashga sarfladik, ammo boshqacharoq usulda ishlaydigan, Amerikani yo’q qilishni o’ziga maqsad qilib olgan mana shu yangi tahdid bilan ham shug’ullanishimiz kerak”, - deydi Amerika bosh razvedkachisi.

Terrorchi guruhlar va g’anim davlatlar internetdan qurol sifatida tobora ko’proq foydalanar ekan, Amerika kiber-xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa, deydi Pompeo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG