Breaking News

AQSh razvedka rahbari o'z idorasi faoliyatini himoya qilib chiqdi


AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan 2001-2009 yillar oralig’ida, Jorj Bush prezidentligi davrida qo’llangan so’roq qilish usullarini himoya qilib chiqdi.

“Bu metodlar orqali mahbuslardan olingan ma’lumot nafaqat mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun dolzarb edi, balki Osama bin Ladenga qarshi operatsiyani o’tkazishda muhim rol o’ynagan”, - dedi Brennan agentlikning bosh idorasida muxbirlar bilan gaplashar ekan.

Senatning Razvedka qo’mitasi besh yillik tekshiruvini yakunlab, katta hisobot chiqargan. Unda terrozim gumoni bilan ushlangan shaxslardan qanday qilib ma’lumot olingani, qiynoqlar keng qo’llangani tasvirlab berilgan.

Masalan, mahbuslarni suvga bo’ktirish, muzli suvda saqlash, majburlab ovqatlantirish, qalbaki qatl etish, oila a’zolarini qo’rqitish va hokazo.

Jon Brennan 2001-yilning 11-sentabrida ro’y bergan terror xurujlaridan so’ng yuzaga kelgan vahimali sharoitni, xavfsizlik birinchi o’ringa chiqqanini tasvirlab berdi.

“Oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratish qiyin bo’lgan o’sha fursatda ham bizning agentlik juda ko’p to’g’ri qarorlar qilgan. Fojiadan so’ng davlat tinchligini ta’minlash, mamlakatga yo’l ko’rsatish bizning zimmamizda edi”, - deydi rasmiy.

Uning qayd etishicha, o’shanda razvedka idorasi yuzlab mahbuslarni saqlash va so’roq qilish dasturini yuritishga tayyor bo’lmagan, uning qanday olib borilgani yaqindan kuzatilmagan.

Belgilangan tartib-qoidalar buzilgani keyinchalik ichki tekshiruvlar natijasida aniqlandi va choralar ko’rildi, deydi Brennan.

Bu maxfiy dastur haqida ommaga yanada ko’proq ma’lumot beriladimi degan savolga, “o’zi o’tgan ikki kun ichida yetarlicha informatsiya oshkor etildi”, - deya javob beradi u.

Brennan o’tmishda xatolar bo’lganini tan oladi, ammo razvedka xizmatchilarining aksariyati vataniga sodiq, professional, ularga topshirilgan vazifalarni sidqidildan bajargan odamlar, deydi u.

Senat hisobotidagi xulosalardan biri shuki, qiynoq natijasida asirlardan olingan ma’lumotlar “ishonchli” bo’lmagan va bu ishlar mohiyati haqida hatto Bush ma’muriyati ham to’la xabardor qilinmagan.

Jon Brennan, razvedka tizimida 25 yillik tajribaga ega arbob, 2013-yilda Markaziy Razvedka agentligi rahbari etib tayinlangan edi. Uning qatorida boshqarmaning avvalgi rahbarlari ham terrorga qarshi kurash doirasida olib borilgan programmalarni himoya qilib chiqmoqda.

Bu orada, inson huquqlarini poymol etgani uchun AQShdan muntazam ravishda dakki eshitadigan davlatlar, jumladan Xitoy, AQSh razvedkasini keskin tanqid qilayapti.

“Amerika boshqa mamlakatlarni huquqni toptashda ayblab, o’zini bu sohada ustun qo’yishga haqqi yo’q. Irqchilik, mahbuslarni tahqirlash va boshqa jiddiy huquqbuzarliklar bu davlatning o’zida ro’y berayotganiga ortiq shubha yo’q”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley.

Bu tanqidlarga Rossiya va Pokiston ham qo’shildi. Inson huquqlari tashkilotlari esa razvedka faoliyatida qiynoq qo’llashga aloqador rasmiylarni jazoga tortishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG