Bosim ostida edik, deydi mahbuslarni qiynagan sobiq agentlar

  • Amerika Ovozi

Guantanamo qamoqxonasida olingan surat, 2010-yil

Guantanamo qamoqxonasida olingan surat, 2010-yil

AQSh Senatining Razvedka qo’mitasi terrorizmda gumon qilib ushlangan odamlar qanday so’roq qilingani va ulardan qay tarzda ma’lumot olingani haqida katta hisobot chiqardi.

2001-2009-yillar orasida Jorj Bush prezidentligi davrida Markaziy razvedka boshqarmasi terror xurujlarini bartaraf etish uchun qiynoq usullarini qo’llagan, deyiladi unda.

2001-yilning 11-sentabrida ro’y bergan terror hamlasida uch mingga yaqin fuqarosidan ayrilgan mamlakat bu xurujlarga qanday javob bergan? Qanday qarorlar qabul qilingan? Razvedka qo’mitasi raisi Dayan Feynshteyn:

“Hisobotda Markaziy razvedka agentligi xorijiy mamlakatlarda maxfiy qamoqxonalarni yuritgani, kamida 119 kishi vahshiyona usullar bilan so’roq qilingani haqida so’z boradi. Bu shaxslardan shu tariqa nozik va o’ta muhim informatsiya olindi, degan gaplar yolg’on bo’lib chiqdi”, - deydi u.

Besh yil davomida olib borilgan va 40 million dollarga tushgan tekshiruv asirlar qiynoqqa solinganini tasdiqlab turibdi.

Markaziy razvedka agentligi Polsha va Ruminiya kabi mamlakatlarda yashirin hibsxonalarda nimalar bo’layotgani haqida Oq uyga va jamoatchilikka haqqoniy ma’lumot bermagan. 11-sentabr xurujlarining asosiy tashkilotchisi deb ko’rilgan Xolid Shayx Muhammad, masalan, 183 marta suvga cho’ktirilgan.

Mahbuslarni uyqudan qoldirish, suvga bo’ktirish, tibbiy jihatdan taqiqlangan usullar bilan majburlab ovqatlantirish keng qo’llangan.

Yechintirib muzli suvga tiqib qo’yish, noqulay pozalarda bog’lab qo’yish, oila a’zolaringiz ham omon qolmaydi, deb qo’rqitishlar ham shular jumlasidan.

Razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan xatolar bo’lganini tan oladi. Lekin, deydi u, bu bilan terror xurujlari bartaraf etildi, yuzlab odamlarning hayoti saqlab qolindi. Al-Qoida sobiq rahbari Osama bin Ladenni topishda qo’l keldi.

Bu orada, bir guruh sobiq agentlar boshqarma faoliyatini himoya qilib veb sahifa ochgan. Ular sobiq prezident Jorj Bushning quyidagi bayonotini eslatadi.

“AQShga qarshi xuruj rejalayotgani haqida terrorchilar biror ma’lumotga ega bo’lsa, biz bu haqda albatta bilishimiz darkor”, - degan Bush.

Razvedkada ishlagan Charlz Allen sharoit shuni taqozo etgan, deydi.

“Muhokamalarda qatnashganman. To’g’ri ish qilayapmizmi, deb o’zimga savol bersam bo’lardi. Ammo al-Qoidani jinoyatlari uchun jazolash va yo’q qilish asosiy maqsadimiz edi. Bosim ostida edik”.

Respublikachi senator Jon Makkeyn Markaziy razvedka boshqarmasining faoliyati mamlakat sha’niga dog’ tushirganini aytadi.

“Odamlarni qiynab, xavfsizligimizni ta’minlaymiz deb, bu yo’lda ancha narsani boy berdik”.

Hisobot chiqarilishi dunyo bo’ylab anti-amerikanizm kayfiyatini oshiradi, namoyishlarga turtki beradi degan xavotir mavjud. Elchixonalar va harbiy inshootlarda xavfsizlik kuchaytirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG