Breaking News

MDH rahbarlari o'zaro kelishuvsiz xorijiy harbiy baza ochmaslikka ahd qildi


MDH rahbarlari Moskvada uchrashdi, 20-dekabr, 2011
MDH rahbarlari Moskvada uchrashdi, 20-dekabr, 2011

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining yaratilganiga 20 yil to'lishi munosabati bilan Moskvada a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammiti va bir vaqtning o'zida MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi majlisi bo'lib o'tdi.

Prezidentlar o'zaro maslahatsiz o'z mamlakatlarida xorij davlatlariga harbiy baza ajratmaslikka kelishib oldi. Hozirda yolg'iz Qirg'izistonda AQSh bazasi bor, ammo 2014-yilda undan amerikaliklar chiqishi kutilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va Yevrosiyo Ittifoqini tuzish masalalari kun tartibida bo'ldi.

A'zo davlatlarda prezident va parlament saylovlari hamda referendumlarda MDH kuzatuvchilari missiyasi rolini oshirishga ham urg'u berildi. Qozog'istonning Ostona va Turkmanistonning Mari shaharlari 2012-yilda MDHning madaniy poytaxtlari deya e'tirof etildi.

Sammitda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etdi. Uning aytishicha, tashkilot doirasidagi qator muammolarga qaramay MDHning kelajagi bor va u davlatlaro aloqalar uchun platforma bo'lib xizmat qilishi kerak.

"Yagona iqtisodiy zona, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, keyinchalik esa Yevrosiyo Ittifoqi - bularning barchasi MDH qoshida tuzilgan bo'lib, zamon talabiga javob beradigan tabiiy jarayonlardir", - deydi Karimov.

Uchrashuvdan olingan suratlar:



Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, Yevrosiyo Ittifoqi tuzilsa, unga a'zo davlatlar yagona valyutaga o'tishi mumkin.

Sovet Ittifoqi qulaganiga shu oy 20 yil to'lar ekan, MDH rahbarlari bunga o'z munosabatini bildirdi.

"SSSR ni tiklamoqchi bo'lganlarda aql, qulaganini xotirlamaganlarda esa yurak yo'q", - dedi Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev.

Prezident Karimov SSSR ni tiklashga qaratilgan harakatlarni tanqid qilish bilan birga MDH ga a'zo davlatlar Rossiya boshchiligida yaqindan hamkorlik qilishi kerak, dedi.

Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev nazarida esa ayrim davlatlarda o'tmish noto'g'ri talqin qilinmoqda, ba'zilarida, hatto, fashizm kuylanmoqda.

"Bunga qarshi kurashish kerak", - deydi Aliyev.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG