O'zbek faoli fuqarolikka doir qonunni tanqid qilmoqda


O'zbekiston yuzlab fuqarolaridan voz kechishi mumkin. 11-avgustda kuchga kirgan yangi qonun jinoyat sodir etib xavfsizlikka tahdid solgan, xorijdagi kuchlarga yollanib, O'zbekiston manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganlarni fuqarolikdan chiqaradi.

"Fuqarolik to'g'risida"gi qonun xorijda yashab konsullik ro'yxatiga kirmaganlarni ham fuqarolikdan mahrum etishni ko'zda tutadi. Tahlilchilarning aytishicha, yangi qonun diniy va dunyoviy muxolifat vakillaridan tortib, xorijda bo'lgan minglab muhojirlarning fuqarolik huquqini tahdid ostiga qo'yadi.

Prezident Islom Karimov 10-avgust kuni imzolagan qonun “O'zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish kiritish to'g'risida”. Shunga muvofiq “O'zbekiston respublikasi fuqaroligi to'g'risida”gi qonunga ham tuzatishlar kiritilgan.

Unga ko'ra, xorijiy davlat manfaatlarini ko'zlab faoliyat yuritgan, tinchlikka va xafvsizlikka qarshi jinoyatlar orqali davlat manfaatiga jiddiy zarar yetkazgan shaxslar O'zbekiston fuqaroligidan chiqariladi.

Bundan asosiy maqsad terrorchi guruhlar safiga qo'shilgan o'zbekistonliklarni fuqarolikdan mahrum qilish ekani aytilmoqda.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek faoli Hazratqul Xudoyberdi deydiki, chora radikal tashkilotlarga qo'shilayotgan o'zbeklarni to'xtatib qolmaydi, ammo avtoritar rejimni mustahkamlaydi.

“Diktaturada fuqarolarning mustaqil siyosiy, diniy faoliyatiga chek qo'yadi. Fuqarolikdan chiqarish ham shunga muvofiq. Ammo buning sabablarini o'ylab ko'rsak, baribir O'zbekistonda dindorlarning haq-huquqlari keskin cheklangani masalasiga to'xtaymiz. Diniy erkinligi bo'g'ilganlar esa nafaqat O'zbekiston, butun mintaqada ko'p. Ularga u mumkin emas, bu mumkin emas, deganingizdan keyin, yo'lini izlashadi, devorni yorib bo'lsa ham chiqib ketishadi. Hozir mintaqadagi rejimlar “Islomiy davlat” fuqarolarimizni o'ziga ohangraboday tortayapti, fuqaroligini yo'q qilmasak bir kun ular qaytib kelishadi, degan tahlikada”, - deydi u.

O'zbekistonlik siyosiy muhojirlardan yana biri, yozuvchi Safar Bekjon so'zlariga ko'ra, hukumat yangi qonun bilan xalqaro miqyosdagi ehtimoliy da'volarning oldini olmoqchi.

“O'zbekiston fuqarolarining Suriyada va Iroq hududida olib borayotgan urushlari, pasportlari bilan qo'lga tushib fuqaroligi isbot qilinsa, kelajakda Suriya va Iroq davlati O'zbekistonga qarshi da'vo ochishi va tovon talab qilishi mumkin. O'zbekiston davlati o'z fuqarolarining harakati uchun tovon to'lashi lozim boladi, bu xalqaro qonunchlikda ham bor. Bu narsa O'zbekistonga nisbatan rejalangan islomiy inqiloblarning oldini olish uchun qilinayotgan bo'lishi mumkin, lekin bu yo'l bilan odamlarni to'xtatib bo'lmaydi, ular o'z yo'lida davom etaveradi baribir”, - deydi Safar Bekjon.

Diniy, dunyoviy muxolifat va muhojirlar

“Islomiy davlat” yoki boshqa ekstremistik guruhlar tarkibiga qo'shilganlar ko'p hollarda fuqarolik pasportini tan olishmaydi, bunday pasportlarni namoyishkorona yoqayotgan radikallar ko'p.

O'zbekiston fuqaroligi to'g'risidagi qonun nafaqat radikallarni, balki majburiy muhojirlikda yurgan minglab o'zbekistonliklarni ham fuqarolikdan mahrum qilishi mumkin.

Qonunda bu chet el davlatining kuch ishlatar tizimlari yoki boshqaruv organlariga ishga kirganlik, uzrli sababalarsiz besh yil mobaynida konsullik ro'yxatida turmaslik kabi shartlar bilan izohlanadi.

Hazratqul Xudoyberdining aytishicha, fuqarolik to'g'risidagi qonunning bu tariqa rejim manfaatlariga moslashtirilishi dunyo kezishga mahkum minglab muhojirlarning sabr-kosasini to'ldirishi mumkin.

“Hozir 60 yillardagi sovet zamoni emas. Vatanda ularning huquqlar qanchalik bo'g'ilmasin, boshqa yurtlarda erkin yurishlari mumkin. Fuqaroligini bekor qilib, yo'llarini to'sganimiz bilan odamlar bir joyda qo'nim o'tirolmaydi, hayot majbur qilgandan ishlashga ketadi, sharoit qidiradi. Hukumatdagilar odamlarning taqdirini emas, siyosatni, iqtisodni boshqarsin. Shuning uchun bu yerda nafaqat dindorlar, demokratik muxolifat, balki o'z pasporti bilan ishlash uchun O'zbekistondan chiqib ketgan, konsullikda ro'yxatda turish majburiyati yuklangan millionlab muhojirlarga ham tegishli. Bu nima degani? O'zbekistonda kim sizga bunday huquqni berdi, deb gapiradigan na bir deputat bor, na bir jurnalist. Vaziyat o'zgarmoqda, xorijda yurgan, ijtimoiy tarmoqlardagi muhojirlar ancha faol, ular mamlakat miqyosidagi qamoqda o'tirgan rahbarlardan ko'ra yaxshiroq fikrlashadi. Vaziyat jiddiy keskinlashayapti va bir kun kelib portlaydi bu narsa”, - degan fikrda Hazratqul Xudoyberdi.

Safar Bekjonning aytishicha, agar hukumat milliondan oshiq fuqarolaridan voz kechish qarorida bo'lsa, buni amalda sinab ko'rishi mumkin.

“Agar qonundan shunday maqsad ko'zlanayotgan bo'lsa, O'zbekiston kamida 5-6 milliondan oshiq odamni fuqarolikdan chiqarishga majbur, ya'ni shunday maqsadda ekanligi ayonlashadi. Chunki bugun O'zbekistondan tashqarida yashayotgan fuqarolar 6 million atrofida hisoblanayapti. Ularning ko'pchiligi hech qanaqa ro'yxatda turayotgani ham yo'q, bu haqda bilmaydi ham. Demak, nima qilish kerak, bu odamlarning hammasini avtomatik ravishda fuqarolikda chiqarish kerakmi? Odamlar bu tariqa fuqarolikdan o'chiriladigan bo'lsa, O'zbekistonda fuqaroning o'zi qolmaydi”, - deydi Safar Bekjon.

Islom Karimov bunday vakolatga egami?

O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilish, ixtiyoriy ravishda fuqarolikdan chiqish masalasi ham odatda mamlakat prezidentiga yozilgan arizaga ko'ra amalga oshiriladi. Ammo majburiy ravishda fuqarolikdan chiqarilish jarayoni, faollarga ko'ra faqat prezident vakolatidagi masala emas, bu konstitutsiyaviy huquqlarga kiradi.

“Bu Konstitutsiya bilan bog'liq huquq normalari. Biror kishini fuqarolikdan chiqarish uchun avvalo mahkama qarori bo'lishi kerak, keyin shu qarorga ko'ra Prezident konstitutsiyaviy huquqlarga ko'ra fuqarolikdan chiqarishi mumkin. Hozirgacha shunday bo'lib kelgan. Lekin endi sirtdan yoki yana boshqa bir shaklda prezident fuqarolikdan chiqarish huquqi olayotgan bo'lsa, bu Konstitusiyaga zid bo'ladi. Buning uchun Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritilishi kerak, ya'ni o'zi yo'q odamni sirtdan sud qilib, yoki boshqa shaklda prezident uni fuqarolikdan mahrum qiladi, deya o'zgartirish kirtilishi kerak. Fuqarolik konstitutsiyaviy huquq normalariga kiradi”, - deydi Safar Bekjon.

Matbuotda fuqarolikdan mahrum etish masalasi qanday tartibda ko'rib chiqilishiga aniqlik kiritilmaydi, ayrim sharhlarga ko'ra, O'zbekiston prezidentining bu boradagi tegishli farmonidan so'ng ko'zda tutilgan shaxslar fuqarolikdan mahrum qilingan deb hisoblanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG