Amerikaning mashhur sirki bilan sayohat

  • Amerika Ovozi

“Aka-uka Ringling, Barnum va Beyli” - Amerikaning eng qadimgi sirki. 1890-yillarda tuzilgan.

Tomoshalariga chiptalar bir zumda sotiladi, mahoratli artistlar yosh bolalar va kattalarni o’ziga birdek rom qiladi. Sirk doim gastrolda. Poyezdda sayohat qiladi.

“Aka-uka Ringling, Barnum va Beyli”ning eng yangi shousi “Ajdarholar” deb nomlangan.

Manej rahbari Jonatan Ayverson sobiq opera qo’shiqchisi. Bundan 10 yil avval “Yer yuizidagi eng zo’r shou“ deb nomlangan dasturga qiziqib sirkka kelganu, shu yerga ishga kirishga qaror qilgan.

“Bu dastur sirlaridan biri – dunyodagi eng katta xususiy poyezd. Bu poyezd jonu dilim. 350 nafar xodim va hayvonlar Amerika temir yo’llari bo’ylab sayohat qiladi. Axir bu ajoyib emasmi?!”

Poyezd 60 vagondan iborat. Uzunligi 1,5 kilometr. Yilning 11 oyi yo’lda. Ayverson rafiqasi – sirk raqqosasi - va ikki farzandi bilan sayohat qiladi. Ham sayohat, ham ish, ham oddiy hayot. Poyezddagi boshqa oilalar kabi ular o’z kupesida ovqat pishiradi, ovqatlanadi, yuvinadi, kir yuvadi. Xullas, sirkchilar shu poyezdda yashaydi.

“Ajoyib. Xuddi har hafta dam olishga borgandek. Biz mamlakat bo’ylab sayohat qilamiz. Amerika nihoyatda go’zal”.

Masxaraboz Aleks Barni ham shu fikrda:

“Poyezdda yursangiz, turli shaharlarga borish imkoniga egasiz. Mamlakat qandayligini ko’rasiz. O’zgarishlarga guvoh bo’lasiz. Ishimning eng yaxshisi ham shu bo‘lsa kerak – poyezd.”

Poyezdning o’rtasida, oilalarga ajratilgan 32 kupedan biri – restoran, maxsus oshxonasi bilan. Shuningdek, jamoat markazi.

Bosh oshpaz Maykl Von va uning olti yordamchisi sirk xodimlari uchun ovqat tayyorlaydi. Xuddi bir oiladekmiz, deydi u.

“Bu yerda hamma birga ishlaydi, masxarabozlardan tortib gimnastlargacha - bir katta oila”.

Har bir tomoshadan keyin Von tansiq ovqat pishirishga, charchagan artistlarni xursand qilishga harakat qiladi.

Kattalar manejda, bolalar esa parda ortidagi sinfda. O’qimasa bo’lmaydi. Manna Kettls - o’qituvchi.

“Bu yerda ishlashni boshlaganimdayoq bir narsani tushunganman: bu yerdagi bolalar oddiy maktab o’quvchilaridan yaxshiroq o’qiydi, bilimi ham o’tkirroq. Chunki biz kichik guruglarga bo’linib, ko’proq dars qilish imkoniga egamiz”.

Yetti yashar Sofiyaga sirk maktabi ma’qul.

“Bu yerda o’qish qiziqarli. Butun dunyodan odamlarni uchrataman”.

“Ajdarholar” – sirk tarixidagi 142-shou. 18 mamlakatdan artistlar ishtirok etadi. Akrobat Paulo Dos Santos Braziliyadan. Tomosha oldidan u ikki o’g’lining tug’ilgan kunini nishonladi.

“Juda xursandman, chunki hammaning kelishini kutyapman. Do’stlarim ko’p, farzandlarim ham bag’rimda. Biz birga xursandchilik qilamiz, tomoshada birga chiqamiz, hamma narsani birga qilamiz”,

Sirk artistlari har bir stansiyada poyezddan tushib, avtobus yoki o’zining avtomashinasida shaharga borish imkoniga ega. Aytgancha, poyezdda xususiy avtomobillar uchun ham joy bor.

Poyezd biz uchun shahardek, deydi manej rahbari Jonatan Ayverson.

“Bu poyezd biz uchun uy bo’lib qolgan. Hovli, ya’ni atrofdagi manzara o’zgarib turadi xolos. Bugungi manzara – Xershi parki. Ertaga – Grand-Kanyon, buyuk vodiyga boramiz. Ajoyibligi ham aynan shunda-da!"

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG