O'zbekiston va AQSh bir-biriga qarab ehtiyotkorona harakat qilmoqda, deydi ekspert Suhrobjon Ismoilov


O'zbekiston va AQSh bir-biriga qarab ehtiyotkorona harakat qilmoqda, deydi ekspert Suhrobjon Ismoilov

O'zbekiston va AQSh bir-biriga qarab ehtiyotkorona harakat qilmoqda, deydi ekspert Suhrobjon Ismoilov

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning Markaziy Osiyoga qilgan uch kunlik safari balki uning quyidagi iqtiboslari bilan yodda qolar: “XXI asrda muvaffaqiyat qozonmoqchi bo’lsangiz, huquqni e’zozlashni o’rganishingiz kerak”.

Konstitutsiya barcha erkinliklarni kafolatlaydi deyish bilan muammo hal bo’lmaydi, deydi arbob, ularni amalda ta’minlash lozim. Rahbarlarni xalq saylagan bo’lsa, ular davlatchilikni mustahkamlash va fuqaro jamiyatini shakllantirish uchun xizmat qilsin.

Klinton Qozog’iston poytaxti Ostona, Qirg’iziston poytaxti Bishkek va O’zbekiston poytaxti Toshkentda hamkorlik va bugungi aloqalar haqida gapirar ekan, Amerika bu jamiyatlarga demokratik taraqqiyot yo’lida yordamni ayamaydi dedi.

AQSh bosh diplomati Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitida so’zlaganida, bu organni o’z asosiy vazifalarini baraja olmayotganligi uchun tanqid qildi.

Xususan, mojarolarning oldini olish va qonun ustuvorligini ta’minlash bobida. Qirg’izistonda bu yilning yozida yuz bergan qonli voqealar va tashkilotning bu borada sust harakat qilgani bunga yaqqol misol.

56 davlat a’zoligidagi bu blok kelajagini uning nimaga qodir ekani hal qiladi, dedi Xillari Klinton.

1-2 dekabr kunlari o’tgan bu sammit oldidan Ostonada 20 dan ortiq, huquq himoyasi bilan mashg’ul nohukumat tashkilotlarning vakillari yig’ildi.

200 dan ziyod qatnashchilar orasida olti nafari o’zbekistonlik bo’lib, ulardan biri Suhrobjon Ismoilov, Toshkentda asoslangan Ekspert Ishchi Guruhi direktori.

“Birinchi sessiyada biz Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha mexanizmlari va bo’limlari ishini baholab chiqib, tavsiyalar qabul qilib oldik",- deydi u.

"Ikkinchi sessiya aynan Markaziy Osiyo mamlakatlari ishiga bag’ishlandi, chunki tashkilot sammiti tarixda birinchi marta Markaziy Osiyoda o’tkazildi va tashkilot raisi birinchi marta bu regiondan tanlandi",- deydi Suhrobjon Ismoilov. "Shu bois Markaziy Osiyodagi inson huquqlari holatiga e’tibor qaratildi. Ushbu davlatlar tashkilot oldidagi majburiyatlarini qanday bajarayotgani haqida ma’ruzalar tinglandi, fikr almashildi va tavsiyalar qabul qilindi".

"Uchinchi sessiyada biz Qirg’izistonda yaqinda sodir bo’lgan va hali ham davom etayotgan krizis holatlarida tashkilot ularning oldini olish, ularni murosa yo’li bilan boshqarish salohiyatiga egami yo’qmi, shuni ham baholab chiqdik”,- deydi u.

Hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida huquq himoyachilari koalitsiyasi tuzilgan va Suhrob Ismoilovning aytishicha, bu guruh ishini kuchaytirish ustida harakat ketmoqda.

“Shunday bir xulosaga keldikki, hali Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida doimiy ravishda inson huquqlari himoyachilarini birlashtiruvchi platforma mavjud emas",- deydi u.

"Yaqin yillargacha Xalqaro Inson Huquqlari Federatsiyasi degan tashkilot mavjud edi. Lekin bu federatsiya hozir tarqatilib yuborilgan. Biz qisqa vaqt ichida maxsus qo’mita tuzilib, sammit oldidan huquq bo’yicha anjuman tashkil etilganini katta bir yutuq deb hisoblab, hamkorlikni saqlab qolish maqsadida maxsus koalitsiya tuzib, uni Xalqaro Fuqarolik Jamiyati Tashabbusi deb atadik” .

Suhrobjon Ismoilov singari ekspertlar nazarida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini effektiv organga aylantirish, unga nisbatan ishonchni oshirish uchun ko’p ishlar qilinishi kerak. Bu esa unga a’zo davlatlar irodasiga bog’liq.

“Sammitdagi muhokamalarni kuzatib shunday xulosaga keldimki, inson huquqlari, demokratiyalashtirish, qonun ustuvorligi va erkin saylovlarga yordam berish masalalasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida zaif bir holatda turibdi. Pichoqqa ilinadigan, konkret o’zgarishlarni ko’rmadik. Vaholanki, anjumanda eng ko’p tilga olingan fikrlardan biri tashkilotning kuchli organdan kuchsiz bir organga aylanib borayotgani edi. Hozircha bu tendensiyada burilish bo’layotganini ko’rmayapmiz, balki vaqt ko’rsatar”.

Suhrobjon Ismoilov nazarida Xillari Klintonning mintaqaga safari oldidan, qolaversa Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammiti arafasida AQSh maxfiy diplomatik hujjatlari internetda fosh etilgani, ularning mazmuni butun dunyo bo’ylab muhokama va tanqid ostida ekani sabab o’ziga xos dilxiralik vujudga kelgan. Oshkoralik va erkinlik kuychisi sifatida tanilgan Qo’shma Shtatlarning yuzini shuvut qilgan.

Toshkent, 2 dekabr 2010

Toshkent, 2 dekabr 2010

Huquq va erkinlik masalasi O’zbekiston-Amerika aloqalarida muhim bir omil, deydi tahlilchi, lekin:

“Mening shaxsan tasavvurim shuki, hozir ikkala taraf - O’zbekiston va Amerika siyosiy doiralari inson huquqlari, demokratiya, qonun ustuvorlari kabi masalalarga juda ehtiyotkorona yondashmoqda. Bir-biriga qarab ehtiyot bo’lib qadam tashlayapti… Tanglik vujudga kelmasin deb. O’zbekiston hukumati fuqarolik jamiyatini shakllantirishni o’z qo’liga olmoqchi va ko’p jihatdan olib bo’ldi ham. Bu harakat boshlangan va uni hukumatning o’zi nazorat qilmoqchi. O’zgarishlar bu sohada qachonki hukumat xohlasa bo’ladi va hukumat xohlagan dozada bo’ladi va qachonki, hukumat ularni o’z siyosiy pozitsiyasiga tahdid deb bilmasa. Men Klinton bilan uchrashuvda va AQSh rasmiylari gapini tinglab, shuni sezdim. Fuqarolik jamiyati vakili sifatida mana shunday xulosaga keldim. Hammamiz shu vaziyatga qarab harakat qilishimiz kerak. Bu jarayonga real baho berib, real talablar qo’yishimiz kerak”.

O'zbekiston va AQSh bir-biriga qarab ehtiyotkorona harakat qilmoqda, deydi ekspert Suhrobjon Ismoilov

O'zbekiston va AQSh bir-biriga qarab ehtiyotkorona harakat qilmoqda, deydi ekspert Suhrobjon Ismoilov

Xillari Klinton 2 dekabr kuni Toshkentda AQSh elchixonasida faollar, muxbir va tahlilchilar bilan uchrashganida, unga O’zbekiston qamoqxonalarida o’tirgan muxolifatchi, jurnalist va huquq himoyachilarining ro’yxati berilgan.

“Bu siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishda yordam bering”, - deya murojaat qilingan.

O'zbekiston huquq himoyachilar tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning bildirishicha, ro'yxatga quyidagi shaxslar kiritilgan:

Ruhiddin Faxriddinov, toshkentlik imom; Rustam Usmonov, qirg'izistonlik tadbirkor, fan doktori; Muhammad Bekjon, O'zbekistonda taqiqlangan "Erk" partiyasi a'zosi; Mamadali Maxmudov, yozuvchi; Solijon Abdurahmonov, qoraqalpog'istonlik jurnalist; Qobiljon Tulashev, Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasi sobiq tergovchisi; Mo'tabarxon G'ofurova, Milliy Xavfsizlik Xizmati sobiq xodimi; Xayrullo Hamidov, jurnalist; Mehriniso Hamdamova, otin; Avaz To'xtaxo'jayev, iqtisod fanlari doktori; G'anixon Mamatxonov, huquq himoyachisi; G'aybullo Jalilov, huquq himoyachisi; A'zam Turg'unov, huquq himoyachisi; Erkin Musayev, Mudofaa vazirligida sobiq xizmatchisi.

AQSh hukumatiga tushgan yana bir iltimos - O’zbekistonda fuqaro jamiyati, ya’ni nohukumat tashkilotlar ro’yxatga o’tmasdan ham ishlay olishi uchun ko’maklashish. Ayrim demokratik davlatlarda bunga yo’l berilgan.

Lekin Suhrobjon Ismoilov fikricha, O’zbekistonda bu imkoniyat hali uzoq vaqt orzu bo’lib qolishi muqarrar.

Xillari Klinton bu kabi murojaatlarga umumiy mazmunda javob qaytargan. Prezident Islom Karimov bilan muloqotda AQSh tomon fuqaro jamiyati zarurati, uning ahamiyati haqida eslatgan.

Siyosiy mahburlar masalasida esa, Amerika rasmiylari O’zbekiston bilan muloqot davom etadi, “biz ularning taqdiriga befarq emasmiz” deyish bilan cheklangan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG