Fuqarolar urushi qurbonlari xotirasiga daraxt ekilmoqda

  • Amerika Ovozi

Fuqarolar urushi AQSh tarixining eng qonli sahifasi hisoblanadi. 1861-yildan 1865-yilgacha 620 mingdan ortiq askar janglarda halok bo’lgan. Shimoldagi Ittifoq va janubdagi Konfederatsiya shtatlar maqomi va quldorlik ustidan urush qilgan. Oradan 150 yil o’tib, aksariyat janglar kechgan to’rt sharqiy shtatda urushda halok bo’lgan askarlar xotirasiga daraxt ekish loyihasi amalga oshirilmoqda.


AQSh fuqarolar urushi minglab insonlar hayotiga zomin bo’lgan. Ularning aksariyatini bugun hech kim yodga olmaydi.

“Muqaddas zamin uzra sayohat” nomli guruh har bir askarga atab bitta daraxt ekish orqali urush qurbonlari nomini abadiylashtirmoqchi.

Daraxtlar eng ko’p janglarga shohid bo’lgan Pensilvaniya shtatining Gettisburg shahridan AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jeffersonning Virjiniyadagi uyigacha bo’lgan 290 kilometrli yo’l yoqasiga ekiladi. Bes Erikson loyiha rahbari.

“Har bir daraxt bir hayotni ifodalaydi. Yonma-yon turgan daraxtlarni ko’rish odamga ijobiy ta’sir qiladi”, - deydi Erikson.

Dastlabki daraxtlar noyabr oyida Virjiniyaning Lisburg tarixiy shaharchasidagi eski Otlends plantatsiyasida joylashgan 19-asrga oid ko’hna uy oldiga ekildi. Plantatsiya rahbari Andrea MakGimsi ishni tarixiy joydan boshlash ramziy ahamiyatga ega ekanini aytadi.

“Bu yerda fuqarolar urushi davriga tegishli juda keksa daraxtlar bor. Ularning aksariyatini shu loyiha ichiga qamrab olmoqchimiz”, - deydi u.

MakGimsining aytichicha, Otlends ham urush davridan yodgorlik.

“Bu yerda 1860-yil fuqarolar urushi arafasida 128 ta qul bo’lgan. Plantatsiyaga egalik qilgan oilaning har ikki o’g’li Konfederatsiya armiyasi safida xizmat qilgan”, - deydi plantatsiyaning bugungi rahbari.

Bu yerdagi uyda yashagan so’nggi oilaning nabirasi Richard Vilyamsning aytishicha, uning ajdodlaridan biri konfederatsiya armiyasida general bo’lgan. Uning avlodlari hozir ham bu yerda o’z mulkiga ega. Daraxt ekish loyihasida ular ham qatnashmoqda.

“Xususiy mulkdorlar sifatida bu ishning muvaffaqiyatli o’tishini ko’rsatishimiz va boshqa mulkdorlarni ham unda ishtirok etishga jalb qilishimiz kerak”, - deydi Vilyams.

65 million dollarlik loyiha xususiy homiylar hisobiga moliyalanmoqda. Oddiy fuqarolar ham bir dona daraxt uchun 100 dollar miqdorida hissa qo’shishlari mumkin. Har bir daraxtga bir askarning nomi beriladi va odamlar smartfonlar orqali ular haqida ma’lumot oladi.

“Daraxtlar insonlar nomi bilan bog’liq raqamlarga ega bo’ladi. Odamlar “GPS” qurilmalari orqali askarlarning kim bo’lganini o’rganishi mumkin”, - deydi loyiha rahbari Erikson.

Eleanor Adams ajdodi Jozef MakGovan uchun bir daraxtga homiylik qilyapti. MakGovan 23 yoshida Konfederatsiya askarlari safida halok bo’lgan. Urushda u bir nechta akasi bilan birga jang qilgan. Aka-ukalarning faqat ikkitasi omon qolgan. MakGovanning urush qiyinchiliklari haqida oilasiga yozgan maktublari saqlanib qolgan.

“Kasalligi haqida, yozning issig’i, ovqatlarning yomonligi haqida yozgan. U paytlar askar bo’lish juda qiyin edi”, - deydi Adams.

Adams qarindoshlari ham loyihada ishtirok etib, urushda halok bo’lgan boshqa aka-ukalar uchun daraxt ekishda homiylik qilishadi, degan umidda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG