Markaziy Osiyo hayotida urug'-aymoqlar va "klanlar" qanday rol o'ynaydi?


Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida Markaziy Osiyo siyosiy hayotida mahalliychilik va klanlarning o'rni haqida forum o'tdi, 27-mart, 2013

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida Markaziy Osiyo siyosiy hayotida mahalliychilik va klanlarning o'rni haqida forum o'tdi, 27-mart, 2013

O’zbekistonda boshqaruv idoralari, asosan, kimning qo’lida? Tepaga yetish va muvaffaqiyatga erishish uchun, deylik, toshkentlik, samarqandlik yoki vodiylik bo’lish muhimmi? Odam boshqa viloyatdan bo’lsa-chi?



Aholi hayotiga mana shunday urug’-aymoqchilik nuqtai nazaridan qarash juda oson, deydi mutaxassislar. Ular nazarida O’zbekistonni chuqurroq tahlil qilish kerak.

Shu hafta Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) kam tilga olinadigan, serqatlam mavzuda davra suhbati bo’lib o’tdi.

Mavjud klishe, ya’ni “ko’p chaynalgan” tasavvur qanaqa? O’zbekistonni ko’pchilik, nafaqat mintaqa ahli balki G’arb ziyolilari ham qandaydir urug’lar- klanlarga bo’lingan bir jamiyat sifatida ko’radi. Masalan, toshkentliklar, samarqandliklar, vodiyliklar va hokazo. Bunday qarashda bir tomondan asos bor - hamshahar yoki hamqishloqlar o’zinikilarni olg’a surishga intiladi. Hukumatda asosan qayerliklar o’tiribdi va ular kimlarni boshqaruvga yo’latmayapti degan savol qizg’in bahs-munozaralar uyg’otib keladi.

Niklas Norling (Nicklas Norling), Jons Xopkins Universiteti doktoranti, O’zbekistonda prezident apparati, xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasi va adliyasida ishlayotgan 140 mulozim hamda 70 hokimni misol sifatida keltirar ekan, bir muhim faktga e’tibor qaratadi: ularning uchdan ikki qismi bugun Toshkent va Samarqanddan.

Norling doktorlik ishi doirasida bu rasmiylarning kelib chiqishi, karyerasi, qayerga tayinlangani va oilasini o’rganib chiqdi.

“Deylik, Vazirlar Mahkamasida tarixan muhim markaz deya ko’rilgan Farg’onadan bugun biror vazir yo’q. Tepadagilar safida birgina Bosh prokuror Rashid Qodirov vodiydan. Ya’ni bir qarashda O’zbekiston yuqori eshelonlarida odamni qayerlik ekaniga qarab ajratish borday. Lekin boshqa tomondan, Milliy xavfsizlik xizmatini surxondaryolik boshqarmoqda. Hukumatda vodiyliklar kam bo’lgani bilan Farg’ona, Namangan, Andijon eng ko’p iqtisodiy va ta’limiy sarmoya olayotgani sir emas.”, - deydi Niklas Norling.

Xo’sh, nima uchun Islom Karimovning siyosatida faqat ikki region bosh ijrochilar?

Balki, deya davom etadi Norling, bugungi boshqaruv tarkibi Toshkent va Samarqandga sovetlar paytidanoq qolgan meros bo’lishi mumkin - kadrlar shu yerda tayyorlangan, ittifoqlar shakllangan. O’sha-o’sha an’ana saqlanib qolayapti. Shu bilan birga, bu tartibda o’zgarish kuzatilayapti va hukumatda sekin-asta yangi avlod vakillari safi kengayib borayapti. Tanish-bilish va poraxo’rlik keng tarqalgan illatlar, lekin Niklas Noring nazarida kadrlarni tayinlashda professionalizm, kasbiy salohiyatning roli katta.

Markaziy Osiyo ijtimoiy tarixini puxta o’rgangan professor Shon Roberts (Sean Roberts) mavzuga antropolog olim sifatida yondashadi.

Qayerlik ekaningiz albatta muhim, deydi u, lekin boshqa ko’plab omillar ham inobatga olish kerak. Tanish-bilishga tayanish - umumbashariy odat.

“Masalan, men boshqa yurt ahli uchun amerikalikman. Qo’shma Shtatlarning o’zida Nyu-York shtati, Baffalo shahrilik deb bilaman o’zimni”, - deydi u.

“Boshqa payt kelib chiqishi irland-amerikalik deb tanishtiraman o’zimni. Ko’cha-ko’yda mening shtatimning, universitetimning yozuvi bor ko’ylak kiyganlarga darrov munosabatim o’zgaradi. Bularning bari mening shaxsiyatim, kim ekanimni, siyosiy qarashlarimni ko’rsatadi va boshqalar bilan muomalamga ta’sir qilishi aniq. Prezident menga yoqadigan sport jamoasining tarafida bo’lsa xursand bo’laman, lekin bu prezidentga ovoz beraman degani emas”, - deydi Shon Roberts.

Olim Markaziy Osiyo xalqlari va siyosiy hayotidagi ko’rinishlarni tahlil qilar ekan, quyidagicha misollar keltiradi:

“Prezident Nursulton Nazarboyevning yaqin safdoshlari orasida qozoq millatiga mansub bo’lmaganlar bor. Yahudiy Aleksandr Mashkevich biror qozoq ulusiga kirmaydi. Marhum tadbirkor, “Kazaxmis” aksiyadorlik kompaniyasi raisi Vladimir Kim ham qozoq emas. Bu odamlar mamlakat siyosatida muhim o’rin tutadi, holbuki, mintaqadagi tub elat vakillari emas. O’zbekistonda ham yuqori mansabdagilar orasida tub aholiga taalliqlu bo’lmaganlar eng qalin, ishonchli ittifoqchiga aylangan”.

Jons Xopkins Universitetidagi davra suhbatida so’zlaganlarda biri hamkasbimiz, “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati muxbiri Navbahor Imamova bo’ldi.

Jurnalist tahlilicha, matbuot va olimlar ko’p hollarda Markaziy Osiyoda urug’-aymoqchilik, klanlar va elitaning qudratini tasvirlashda oshirib yuboradi. “Klanlar” degan iborani o’zi o’ylab ishlatish kerak, deydi u.

“Markaziy Osiyoda hukumat ishini tekshirish juda qiyin. Buning ustiga amaldorlar bilan tili bir norasmiy, ko’p hollarda jinoiy xarakterga ega va qonunni chetlab o’tishga o’rgangan va tepadagi ishongan odamlariga tayanib, mol-dunyo orttirgan to’dalar faoliyatini chuqurroq o’rganish uchun imkoniyat cheklangan. Shuning uchun turli maqsadlar atrofida uyushgan guruhlarni klanlar deb atab, ularni qudratli, jamiyatda muhim rol o’ynayotgan doiralar deya baholash oson. Lekin aslida qo’limizda bu borada asos yetarli emas. Jurnalistlar va olimlar hududda atroflicha izlanishni istaydi, lekin buning doim ham iloji yo’q. U yoki bu qarorlar sababini bilolmagan jurnalistlar, ya’ni biz oson izohlar bilan chiqishga majbur bo’lamiz”, - deydi Imamova.

Jurnalist deydiki, avvalo klan degani nima va ular boshida kimlar turibdi degan savolga javob topish kerak.

“Bugun nafaqat O’zbekiston balki qo’shni davlatlarda ham eng faol to’dalar bular norasmiy ko’rinishdagi, jinoiy guruhlardir. Bu tuzilmalarni bog’lab turgan oilalar yoki qabilalar emas. Ularni harakatlantiruvchi kuch puldir”,- deydi Imamova.

“Bu tuzilmalar mintaqaning korrupsiyaga botgan hukumatlari bilan yaqindan ishlaydi, boylik orttiradi va uning bilan bo’lishadi. Shu bilan birga, rahbarlar bir-biriga raqib, urush holatida yashayotgan urug’lar haqida afsonalar aytib, o’z hokimiyatini mustahkamlashga urinib keladi. O’zbekistonda, masalan, Toshkent, Farg’ona, Samarqand-Buxoro va Sur-Qash (Surxondaryo va Qashqadaryo) orasida dushmanlik va kuchli raqobat bor, qattiq nazorat qilinmasa, yurt parchalanib ketadi degan mulohazalar ko’p yangraydi. Goyoki Karimov ularni jilovlab turibdi, aks holda ular hokimiyat uchun haqiqiy kurash boshlab yuborishga qodir”, - deydi Imamova.

Vaholanki, aslida bu gap haqiqatdan yiroq, deydi jurnalist.

Navbahor Imamova, Niklas Norling, Shon Roberts va Fred Starr, Jons Xopkins Universiteti, 27-mart, 2013 (Suratga bossangiz kattalashadi)

Navbahor Imamova, Niklas Norling, Shon Roberts va Fred Starr, Jons Xopkins Universiteti, 27-mart, 2013 (Suratga bossangiz kattalashadi)

“Fakt shuki, O’zbekiston aholisining 60 foizidan ortig’i Farg’ona vodiysi, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryoda yashaydi. Yalpi ichki mahsulotning 75 foizi shulardan chiqishi ham rost. Tabiiyki, bular siyosiy-iqtisodiy jihatdan muhim hududlar”, - deydi Imamova.

Muammo faqat mahalliychilikda yoki urug’-aymoqchilik yoki “klanlar”da demay, bugun odamlar hokimiyatga qanday kelayotganini kuzatish lozim, deydi jurnalist. Poraxo’rlik, ilm va salohiyati sabab qudratli shaxslar nazariga tushib qolish, ularning yordami bilan ko’tarilish va vaqti kelib, albatta buning haqqini to’lash, sizdan ugina-bizdan bugina qabilida ish qilish, kimningdir kimgadir xizmati singishida gap ko’p, deydi Navbahor Imamova.

Ekspertlar nazarida O’zbekiston boshqaruv idoralarida xorijda o’qigan yoki malaka oshirgan kadrlar ko’p, ammo ular qanday o’zgarish qilayotganini hozir aytish qiyin, biroq avlodlar almashayotgani e’tiborli.

Jons Xopkins Universitetida o’tgan muhokamani ingliz tilida to’liq holda tinglab tomosha qiling:

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG