Diniy yetakchilar: Iqlimdagi o'zgarishlarga e'tiborli bo'laylik

  • Amerika Ovozi

22-aprel har yili dunyoda Yer kuni sifatida nishonlanadi. Joriy yil bu kun dunyo yetakchilari BMTda yig'ilib, o'tgan yili dekabrda Parijda kelishilgan iqlim o'zgarishiga oid bitimga imzo chekadi. Bu marosim xalqaro kelishuvni ratifikatsiya qilish jarayonining birinchi bosqichidir. Yer taqdiridan bezovta diniy yetakchilar ham kelishuvni qo'llab-quvvatlab bayonot chiqardi.

BMT ibodatxonasida diniy yetakchilar yig'ilib, yer haqqiga duo qilishdi.

250 rahnamo imzosi bilan e'lon qilingan bayonotda davlat rahbarlari Parij kelishuvini imzolash va ratifikatsiya qilishga chaqiriladi.

Tashabbusni, shuningdek, dunyo bo'ylab 5000 odam va 90 guruh qo'llab-quvvatlayapti, deydi diniy koalitsiya rahbari Fletcher Harper.

"Yerni olinadigan yoki sotiladigan mol emas, balki hadya sifatida qadrlashimiz kerak. Uni qisqa muddatli iqtisodiy manfaat uchun emas, hayotni uzoq muddat asrab-avaylash maqsadida e'zozlashimiz kerak. Bular butun dunyo bo'ylab barcha qadriyatlar birdek qabul qiladigan diniy va axloqiy qarashlardir", - deydi u.

Tadbirda qatnashganlar orasida 94 mamlakatda ishlovchi Birlashgan dinlar tashabbusi guruhi rahbari Kiran Bali ham bor.

"Dunyo bo'ylab qurg'oqchilik, oziq-ovqat tanqisligi, ayrim mavjudotlarning qirilib ketishi kabi muammolar bilan yuzlashyapmiz. Bu insoniy va axloqiy tanazzuldir.Sayyoramizni, yerimizni saqlab qolish uchun men bu yerda birlik, hurmat va atrof-muhitni qadrlaydigan hammani birlashishga chaqiraman", - deydi u.

Diniy yetakchilarga ko'ra, global haroratni bir yarim daraja kamaytirish uchun o'zini qayta tiklovchi energiya manbalariga tezroq o'tish kerak. Dindorlar dunyo ayolisining 80 foizini tashkil qiladi. Yangi iqlim tashabbusini olg'a surish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz, deydi ruhoniy Harper.

"Dunyo madaniyatlarini o'zgartirish imkoniyatimiz bor. Bu orqali esa siyosatni o'zgartiramiz. Shunday ekan, hukumat yetakchilari iqlim o'zgarishi bo'yicha jiddiy choralarni amalga oshirish lozimligini tushunishi kerak", - deydi diniy rahnamo.

Dindorlar bayonoti BMT Bosh assambleyasi prezidentiga taqdim etildi. Parij kelishuvi kamida 55 davlat uni ratifikatsiya qilgandan so'ng kuchga kiradi.

Anjuman yakunida sikhlar yer sharafiga qo'shiq kuylashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG