Klinton: Bolqon elatlari nizoni unutsa, Yevropa, NATOga tezroq kiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton g’arbiy Bolqon bo’ylab safarini boshladi. Maqsad etnik ixtiloflarga botgan mintaqada iqtisodiy va demokratik islohotlarni targ’ib qilish.

Xillari Klinton kecha kechqurun Jazoirdan Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevoga yetib bordi. Bu yerda u Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bilan mahalliy rahbariyat qabulida bo’ldi.

Yevropa Ittifoqiga a’zolik Bolqon mamlakatlari uchun eng kuchli rag’batlantiruvchi omil bo’lib kelgan.

Iqtisodiyotni rivojlantirib, demokratik reformalarni olg’a surib, qo’shnilar bilan til topishsangiz, deydi Amerika rasmiylari, ittifoq va NATO eshiklari tezroq ochiladi.

Bosniya 1992-1995-yillarda minglab odamning boshini yegan uch yillik fuqarolik urushini boshdan kechirgan, shundan beri iqtisodiy o’sish sust. Mamlakatda yashovchi uch elat – serblar, xorvatlar va bosniyalik musulmonlar bir-biri bilan kelisha olmaydi.

Obama ma’muriyati Bosniya yetakchilari xatti-harakatidan hafsalasi pir ekanini yashirmaydi. Xalq farovonligini ustun qo’yish o’rniga rahbarlar faqat alohida elat, guruhlar va partiyalar manfaatlarini ko’zlash siyosatini qo’ymayapti, deya tanbeh beradi Oq uy.

Seshanba kuni Klinton va Ashton Serbiya poytaxti Belgradda to'xtab, undan keyin Kosovo poytaxti Prishtinaga jo’nadi.


Aholisi asosan albanlar bo’lmish Kosovo 2008-yilda o’zini Serbiyadan mustaqil deb e’lon qilgan edi. Shundan beri Belgrad va Prishtina aloqalari tarang ekan, Yevropa Ittifoqi tomonlarni yarashtirish harakatida.
Davlat kotibasi Xillari Klinton, Serbiya prezidenti Tomislav Nikolich, Belgrad

Davlat kotibasi Xillari Klinton, Serbiya prezidenti Tomislav Nikolich, Belgrad


Qo’shma Shtatlar va qator davlatlar Kosovo mustaqilligini tan olgan, lekin Serbiya va Kosovoda yashovchi serblar hamon qarshilik bildirmoqda.

Kosovoda Serbiya puli hisobiga ishlovchi parallel institutlar, xususan, kasalxonalar, maktablar va sudlar bor ekani AQShni xavotirga solib keladi.

Xillari Klinton Xorvatiyada ham bo’lib, mamlakatni kelasi yil Yevropa Ittifoqiga kirishi bilan qutlaydi. AQSh diplomati so’ng Albaniyaga safar qilib, bu yurt mustaqilligining 100 yillik tantanasida qatnashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG