Klinton mag'lubiyatini rasman tan oldi

  • Amerika Ovozi

Nyu-York, 9-noyabr, 2016

Nyu-York, 9-noyabr, 2016

AQShdagi saylovlarda mag’lub bo’lgan demokrat Xillari Klinton Vashington vaqti bilan kunduzgi 12 da tarafdorlari oldida so’zlab, mag’lubiyatini rasman tan oldi. Klintonning saylov natijalaridan ranjigani yuzida yaqqol ko’rindi.

Sobiq davlat kotibi ilk ayol prezident bo’lish imkonini qo’ldan boy berdi. Saylovoldi so’rov natijalarida Trampdan oldinda bo’lishiga qaramay, Klinton ikkilanib turgan muhim shtatlarda g’alaba qozona olmadi.

Xillari Klinton nutqini o’z tarafdorlaridan uzr so’rashdan boshladi.

“G’alaba qozona olmaganimiz uchun uzr so’rayman”, - dedi u.

Klinton Trampni g’alaba bilan tabriklab, unga omad tilaganini aytdi.

“Umid qilamanki, Tramp barcha amerikaliklarning prezidenti bo’ladi va ishini yaxshi uddalaydi”.

"Amerika biz o’ylagandan ko’ra ancha bo’linganini ko’rdik" dedi u va Trampni prezident sifatida qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

“Mag’lub bo’lish alamli, albatta, va bu holat meni hali beri tark etmasa kerak. Ammo shuni bilingki, biz bir nomzod yoki bir saylov uchun kurashmadik. Biz sevgan yurtimiz uchun, hamma uchun quchoq ochuvchi, umid va muhabbatga to’la Amerikani yaratish uchun kurashdik”, - dedi Klinton.

U o’z tarafdorlarini saylov natijasini qabul qilishga va kelajak sari boqishga chaqirdi.

“Donald Tramp endi prezidentimiz bo’ladi. Unga ochiq ko’ngil bilan qarab, mamlakatni boshqarishiga imkon berishimiz kerak. Konstitutsion demokratiyamizda hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirish kerakligi bitilgan va uni hurmat qilishimiz lozim”, - dedi Klinton.

Xillari Klintondan tashqari Trampni amaldagi Prezident Barak Obama, sobiq davlat rahbarlari ota-o’g’il Bushlar, yetakchi siyosatchilar hamda xorijiy liderlar tabriklamoqda. Payshanba kuni Obama Oq uyda Trampni qabul qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG