Klinton: Biz birgalikda kuchlimiz

  • Amerika Ovozi

Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Hillari Klinton, Filadelfiya, 28-iyul, 2016-yil.

Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Hillari Klinton, Filadelfiya, 28-iyul, 2016-yil.

Filadelfiyada o'tgan demokratlar qurultoyining so'nggi kunida prezidentlik uchun bu partiya nomzodi Hillari Klinton sahnaga chiqib, mamlakatning buguni, kelajagi va Amerikani ajratib turadigan eng muhim qadriyatlar haqida gapirdi.

Klinton nutqining avvalida partiyadan sobiq raqibi Berni Sandersga tashakkur bildirdi.

"Sanders muhim iqtisodiy va ijtimoiy mavzularni ular arziydigan oldingi va markaziy o'rinlarga olib chiqdi, - dedi Klinton. - Shuni ma'lum qilamanki, men uning ishlarini davom ettiraman".

Demokratlar nomzodi ko'pchilik bo'lib birgalikda Amerikani taraqqiy ettirish eng yaxshi yo'l ekanini aytdi.

Hillari Klinton demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda.

Hillari Klinton demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda.

"Bir o'zim muammolarga yechim topaman, deganlarga ishonmang", - dedi u. Bu bilan u respublikachilar nomzodi Donald Trampning so'zlariga ishora qildi. Tramp Ogayoda kechgan respublikachilar qurultoyida AQSh yuzlashayotgan muammolarni bir o'zi hal qilishini da'vo qilgan edi.

"AQSh prezidentligiga nomzodimni ko'rsatgan ekansiz, uni kamtarlik, qat'iyat va Amerika kelajagiga cheksiz ishonch bilan qabul qilaman", - dedi Klinton.

Klinton nutqi davomida ijtimoiy mavzularni alohida tilga oldi. U yangi ish o'rinlarini yaratish, eng kam ish haqini oshirish, ayni paytda atrof-muhitni asrab-avaylashga e'tibor qaratishini aytdi.

U o'rta qatlam talabalari uchun kollejda bepul ta'lim olish hamda universitetni qarzsiz tugatish imkoniyatini yaratishga va'da berdi.

Boylar, yirik korporatsiyalar soliq to'lashda o'z munosib hissasini qo'shishi kerak; chunki boylikning 90 foizi yuqoridagi bir foiz qatlamga ketmoqda, dedi Klinton.

Demokratlar nomzodi respublikachi raqibi Donald Trampning prezidentlik uchun noloyiq ekanini yana bir bor qayd etdi.

Klintonning aytishicha, Tramp biznesmen sifatida aldov va firibgarlik orqasidan pul topgan. U ishchilarining maoshini to'lamagan, kompaniyalari inqirozga yuz tutgan, dedi Klinton.

Qurultoy qatnashchilari Hillari Klintonni olqishlamoqda.

Qurultoy qatnashchilari Hillari Klintonni olqishlamoqda.

Shuningdek, u Trampning ish o'rinlarini AQShga qaytarish haqidagi va'dasi uning amalda qilgan ishlariga to'g'ri kelmasligini aytdi.

Tramp ko'plab bizneslarini, mol-mulkini xorijda qurgan; Amerikani birinchi qilishni istasa, bizneslarni Amerikaga qaytarishni istasa, buni o'zidan boshlasin, dedi nomzod.

Klinton "Islomiy davlat" terrorchi to'dasiga qarshi olib boradigan kurash rejasini ham yana bir bor eslatib o'tdi. Hamkorlarimiz bilan ularni yakson qilamiz; guruhning onlayn propagandasiga qarshi kurashni kuchaytiramiz, dedi u.

"Tramp "Islomiy davlat"ni qanday yengishni harbiylardan ham yaxshiroq bilishini da'vo qilmoqda. Yo'q, unday emas, - dedi Klinton. - Harbiylarimiz bizning boyligimiz. Ular bizni tunu-kun himoya qiladi".

Hillari Klinton demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda.

Hillari Klinton demokratlar qurultoyida nutq so'zlamoqda.

"Donald Tramp oliy bosh qo'mondon bo'lishga arziydigan xarakterga egami? - deya so'radi Klinton. - Axir, u oddiy saylov kampaniyasidagi kurashga ham chiday olmadi-ku. Yadro qurollarimizni bunday odamga ishonib topshira olmaymiz".

"Agar mamlakatimizni xavfsiz saqlash ahdida jiddiy bo'lsak, bu ishni qurol lobbichilarining hamyoniga qaram odamga bermasligimiz kerak", - dedi u.

Klinton qurol zo'ravonligi muammosiga ham to'xtalib o'tdi. U qurollarning jinoyatchilar qo'liga tushib qolmasligini ta'minlash uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishga va'da berdi.

Vitse-prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Tim Keyn (chapda) Hillari Klinton bilan

Vitse-prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Tim Keyn (chapda) Hillari Klinton bilan

Mamlakatimizda irqchilikka, bo'linishga o'rin yo'q; biz barcha toifadagi odamlarning huquqlarini himoya qilamiz, dedi Klinton. U shu o'rinda Trampning irqchi va ayirmachi sifatida bildirgan izohlarini sanab o'tdi.

"U hatto sudyani etnik kelib chiqishiga qarab ajratdi", - dedi u.

Klintonning aytishicha, Amerikaning buyukligi uning yaxshiligidandir.

"Oldingizdagi tanlov aniq. Kurashimizga qo'shiling. Amerikaning taqdiri siznig tanlovingizga bog'liq. Bir birgalikda kuchlimiz. Bolalarimiz uchun ana shuni meros qoldiraylik", - deya nutqiga xulosa qildi AQSh prezidentligi uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG