Klinton jamg'armasi Hillari Klinton uchun boshog'riq

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlikka nomzod Donald Tramp sobiq prezident Bill Klinton asos solgan global jamg'arma yo'q qilinsin, deya targ'ibot olib bormoqda. Tramp fikricha, Klintonning rafiqasi Oq uy uchun kurashar ekan, bu fond faoliyatiga o'rin yo'q.

"Klinton jamg'armasi tariximizdagi eng qallob siyosiy bizneslardan biri",- deydi Tramp.

Fond turli davlatlar, badavlat odamlar va yirik kompaniyalardan pul olib, uni insoniyat ravnaqi yo'lida sarflab kelayotganini bildiradi.

Trampning da'vosi shuki, Hillari Klinton davlat kotibi bo'lgan paytda fondga ayniqsa ko'p moliya kelgan. Vaholanki, deydi u, Klinton tashqi ishlar vaziri sifatida davlat manfaatlaridan tashqari hech kim va hech narsani targ'ib qilmasligi kerak edi. Hozir ham saylov kampaniyasida bu fond muhim moliyaviy manba, deydi Tramp.

2009-2013 yillarda davlat kotibi bo'lgan Klinton xonim bu da'volarni rad etadi. Trampda hech qanday asos yo'q, deydi u.

Lekin arxivlar Klinton rasmiy lavozimda ham fondga oz bo'lsa-da yordam ko'rsatganini ko'rsatadi. Jamg'arma o'tgan hafta kutilmaganda yangi qaror chiqardi: Hillari Klinton prezidentlikka saylansa, fond chet eldan bir tiyin ham olmaydi va Bill Klinton bu tashkilotning boshqaruv kengashidan ketadi.

Lekin tanqid tinmayapti. Amerikaning yetakchi gazetalari Klinton jamg'armasi ishni to'xtatsin degan chaqiriqlar bilan chiqib, prezidentlikka intilayotgan shaxs uchun bunday fondga tayanish vijdonsizlik, deya bong urmoqda.

Klinton deydiki, u fonddan yiroq va turmush o'rtog'i, sobiq prezident ham, uning boshqaruvidan uzoqlashishga tayyor.

"Klinton jamg'armasi - xayriya tashkiloti. Tushgan pul madadga muhtoj odamlarga sarflanadi. Trampning bizneslari esa faqat unga xizmat qiladi. U nimani qurbon qilishga tayyor?"- deya so'raydi Brayan Fallon, Klinton jamg'armasi matbuot kotibi.

Multimilliarder Tramp prezidentlikka saylansa, biznes imperiya butkul bolalari qo'liga o'tishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG