Klinton demokratik davlatlarni shafqatsiz tuzumlarni qoralashga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton Vengriya parlamentida so'zlamoqda, 30-iyun, 2011-yil

Xillari Klinton Vengriya parlamentida so'zlamoqda, 30-iyun, 2011-yil

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Yevropa bo'ylab safar qilar ekan, kecha Litva poytaxti Vilnyusda demokratik faollar bilan uchrashib, axborot texnologiyasining ozodlik harakatlaridagi roli va unga qo'yilayotgan cheklovlar haqida so'zlagan.

Bungacha Klinton Vengriyada ham bo'ldi. Yevropa davlatlari bu mamlakatda tuzum tobora avtokratik tus olayotganidan tashvishda. Klinton rasmiy Budapeshtdan mustaqil adliya tizimi va erkin matbuotni rivojlantirishni so'ragan.

Suriyadagi g'alayonlar haqida gapirar ekan, Xillari Klinton rasmiy Damashqni ogohlantirib, islohotlar zudlik bilan amalga oshirilmasa, unga qarshi bosim kuchayadi, degan. Klintonning aytishicha, prezident Bashar al-Assad muxolifat bilan muloqotga qaratilgan yolg'iz bir majlis bilan qutulib qolmoqchi.

"Muxolif kuchlarga Damashqda namoyish qilishga ruxsat berib, shimolga tanklarni kiritish mantiqqa zid", - deydi Klinton.

Suriyada o'n minglab odamlar aholiga nisbatan zulmga qarshi namoyish qilmoqda. Bugun xavfsizlik kuchlari o'qidan Turkiya chegarasi yaqinida uch kishi o'lgan, so'nggi ikki kunda esa 12 kishi nobud bo'lgan.

Harbiylar aholining zo'ravonliklardan qo'shni Turkiyaga qochishiga to'sqinlik qilmoqda. Hozir bu mamlakatda 12 mingdan ziyod suriyalik boshpana topgan. Yuzlab odamlar Livanga qochgan.

Klinton Belarusda ham namoyishlarning tarqatilganini qoralagan.

"Belarus kabi davlatlar o'z fuqarolari huquqlarini toptaganda o'zini demokratik deb bilgan hech bir mamlakat jim turmasligi kerak", - deydi Klinton.

AQSh davlat kotibi bugun Ispaniyada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG