Breaking News

Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band


Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band
Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band

Dunyo aholisi shu yil oxiriga borib 7 milliardga yetishi kutilar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, insoniyatni qiynayotgan global muammolar yanada chigallashadi.

Ishsizlik, ocharchilik, ona va bola o’limi, ekologiya haqida gap ketmoqda.

AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton tuzgan jamg’arma ana shu jumboqlarga yechim qidirish bilan band. Nyu-Yorkda tashkilotning yillik majlisi o’tmoqda.

Klinton Global Tashabbuslar (Clinton Global Initiative) forumida har yili ko’tariladigan mavzular ko’lami juda keng.

Masalan, qashshoq mamlakatlarda uyda o’rnatilgan pechlarning zaharli gazidan har yili millionlab inson halok bo’ladi. Bunga qarshi qanday chora ko’rish mumkin?

Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band
Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band

Homilador ayollarni kalsiy bilan ta’minlash; okeanni axlatdan tozalash; olis qishloqlar aholisiga kichik radio uskunalar tarqatish; turli kasalliklarga qarshi kurash va hokazo.

Tashabbus boshida turgan sobiq prezident Bill Klinton ta’biricha, AQShda iqtisodiy jihatdan og’ir kunlarni boshdan kechirayotgan bo’lsada, global muammolarga ko’z yuma olmaydi. Amerika, deydi u, hamon dunyoning yetakchi davlati. Boshqa jamiyatlar bilan taqqoslaganda yuz karra yaxshiroq ahvolda.

“Byudjetni muvozanatga keltirish, xarajatni kesish hozir Qo’shma Shtatlar oldida eng muhim vazifa. Lekin bu global taraqqiyot va iqtisodiy farovonlikka hissa qo’sha olmaymiz degani emas”, - deydi Klinton.

Nyu-Yorkdagi yig’ilishda davlat rahbarlari, siyosatchilar, tadbirkorlar va jahon ahli e’tiborini yechimlarga jalb etishga urinayotgan faollarni ko’rasiz. Ishsizlik, iste’mol va xotin-qizlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash - kun tartibidagi bosh mavzular.

“Nyu-York Tayms” nashri sharhlovchisi Nikolas Kristof so’zlariga ko’ra, xususan qiz bolalar ta’limini oshirish orqali har bir jamiyatda katta o’zgarishlar qilsa bo’ladi.

Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band
Bill Klinton global muammolarga yechim qidirish bilan band

“Maorifga e’tibor iqtisodiy o’sishni ta’minlaydi, mojarolarning oldini oladi, reproduktiv salomatlikni yaxshilaydi”, - deydi Afrika bo’yicha ko’p izlangan jurnalist.

Erta nikoh, voyaga yetmagan qizlarni majburlab erga berish ko’plab davlatlarda haligacha davom etayotgan odat. Chuqur tarixiy ildizga ega an’ana, urf-odat deya ta’riflanadigan bu balodan, BMT hisobicha, har kuni 25 ming, yiliga 10 million qiz azob chekadi.

Irlandiya sobiq prezidenti Meri Robinsonning aytishicha, erta nikoh dunyo bo’ylab qashshoqlik va ilmsizlikka hissa qo’shayotgan omillardan. Voyaga yetmagan qizlar ko’pincha ko’zi yoriyotgan paytda jon beradi.

Janubiy Afrikadan diniy arbob Dezmond Tutu yuqorida zikr etilgan muammolarni eskilik, jaholatparastlik mevasi deb hisoblaydi. U butun dunyo ulamolariga, shuningdek siyosatchilarga murojaat qilib, bu amaliyotga chek qo’yishga undadi.

Klinton Global Tashabbuslar jamg’armasi olib borayotgan loyihalar so’nggi yetti yilda 300 million odamning hayotini yaxshilagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG